Muzeylar uchun aholidan noyob ashyolar sotib olindi
“Samarqand” davlat muzey-qo‘riqxonasi fondini boyitish, milliy tarix va madaniy meros namunalarini saqlash hamda kelajak avlodga yetkazish maqsadida joriy yilning birinchi yarmida aholidan 232 ta arxeologik topilmalar, qadimiy tangalar, numizmatik materiallar, zargarlik va etnografik buyumlar, tasviriy san’at asarlari, musiqa asboblari va qo‘lyozma kitoblar sotib olindi, 5 ta noyob ashyo tuhfa sifatida taqdim etildi.
– “Milliy merosga mening hissam!” umumxalq aksiyasi doirasida yurtimizdagi muzeylar uchun aholidan qadimiy va noyob ashyolarning sotib olinishi yoki sovg‘a sifatida qabul qilinishi muzeylarimiz fondini yanada boyitish, xalqimizning tarixi va madaniyati bilan bog‘liq yangi ma’lumotlarni to‘plashga xizmat qilmoqda, – deydi “Samarqand” davlat muzey-qo‘riqxonasi direktori o‘rinbosari Safura Ro‘zimurodova. – Buning uchun har yili byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan har bir viloyat uchun 500 million so‘mdan mablag‘ ajratilmoqda. Jumladan, bu yil ajratilgan mablag‘lar hisobidan yilning birinchi yarmida 279 million so‘mga noyob ashyolar sotib olishga erishdik. Xarid qilingan ashyolar turli davrlar va yo‘nalishlarni qamrab oladi. Masalan, ular orasida bronzadan tayyorlangan kamar bezaklari, oq metalldan yasalgan ilon boshi shaklidagi qadimiy bilaguzuklardan tortib miloddan avvalgi III asrga mansub draxmalar, Somoniylar sulolasi dirhamlari va XVI asrga oid Shayboniylar davri tangalarigacha bor. Bu ashyolar mamlakatimiz hududidagi davlatchilik, savdo-iqtisodiy munosabatlar va tangashunoslik tarixini o‘rganishda muhim ahamiyatga ega.

Shuningdek, Samarqand va boshqa hududlarda tayyorlangan milliy musiqa asboblari – Hamro sozi hamda Qashqar rubobi, Xorazm va Buxoro zargarlik maktablariga mansub halqali sirg‘a, naycha va bilaguzuklar ham muzeylarimizni yanada boyitdi. Ularning har biri qadimiy ashyo bo‘lish bilan birga xalq hunarmandchiligi an’analarining uzoq o‘tmishidan dalolat beradi.

Aholidan sotib olingan etnografik to‘plamdan esa Samarqand, Surxondaryo, Shahrisabz, Nurota hududlariga xos jelak, tokchapo‘sh, bolinpo‘sh, oynaxalta, sandiqpo‘sh, dasturxon, chuval (napramach) kabi milliy kashtachilik buyumlari hamda qo‘g‘irchoqlar o‘rin olgan. Bu ashyolar xalqimizning turmush tarzi, amaliy bezak san’ati va milliy qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan.

Bu boradagi ishlar davom ettirilib, ayni paytda Turkiston jadidchilik harakatining taniqli namoyandalari Vadud Mahmud, Saidahmad Vasiliy, Mahmudxo‘ja Behbudiy portretlari hamda XІX asrga mansub “Masnaviyi Nozim” qo‘lyozmasini xarid qilish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.
Aholidan sotib olingan va sovg‘a qilingan noyob ashyolar muzeylarda mavjud ekspozitsiyalarga qo‘shilgan holda hamda alohida ko‘rgazma sifatida namoyish etilmoqda.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri