Qozog‘istonda “Toshkentga sayohat” filmi suratga olinmoqda
Zamonaviy turizmda mamlakatni targ‘ib qilishning eng samarali vositalaridan biri kino va media loyihalardir.
Tomoshabin sayohat qilishdan avval manzilni ekran orqali kashf etadi. Shu bois O‘zbekistonning turistik salohiyatini xalqaro auditoriyaga yetkazishda filmlar muhim o‘rin tutadi. Ana shunday loyihalardan biri — Qozog‘istonda suratga olinayotgan “Toshkentga sayohat” filmi hisoblanadi.
Davlatimiz rahbarining turizm sohasini rivojlantirish, mamlakatning xalqaro maydondagi ijobiy imijini mustahkamlash hamda milliy turizm salohiyatini zamonaviy media mahsulotlari orqali keng targ‘ib etishga qaratilgan qarori ijrosi doirasida “Kontent markazi” va O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi hamkorligida mazkur filmni tasvirga olish ishlari boshlandi.
Loyiha O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik hamda strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Shuningdek, ikki mamlakat aholisini bir-birining boy tarixiy va madaniy merosi bilan yaqindan tanishtirishni maqsad qiladi.
Filmda Toshkentning qadimiy va zamonaviy qiyofasi, mashhur tarixiy obidalari, madaniy maskanlari, milliy taomlari, mehmondo‘stlik an’analari hamda shaharda yaratilgan zamonaviy turizm infratuzilmasi yorqin lavhalar orqali namoyon etiladi.
Loyihaning yana bir muhim vazifasi — Qozog‘iston auditoriyasida O‘zbekistonga sayohat qilishga bo‘lgan qiziqishni oshirish, yangi turistik yo‘nalishlarni ommalashtirish va ikki davlat o‘rtasidagi sayyohlar almashinuvini kengaytirishdan iborat.
Mutaxassislarning fikricha, bunday ekran asarlari an’anaviy reklamadan ko‘ra kuchliroq ta’sirga ega. Chunki film orqali tomoshabin nafaqat manzilni ko‘radi, balki uning muhiti, madaniyati va hayot tarzini ham his qiladi. Bu esa O‘zbekistonning jozibador turistik mamlakat sifatidagi nufuzini yanada mustahkamlash, shuningdek, madaniy-gumanitar hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA