Mustaqillikning 35 yilligiga bag‘ishlangan sport musobaqalari o‘tkazildi
Navoiy viloyatining Navbahor tumanidagi 2- Bolalar va o‘smirlar sport maktabida O‘zbekiston Ekologik partiyasi Navoiy viloyat Kengashi tashabbusi bilan Mustaqilligimizning 35 yilligiga bag‘ishlangan sport musobaqalari o‘tkazildi.
“Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida tashkil etilgan musobaqalarda yoshlar mini futbol, stol tennisi, shaxmat va shashka bo‘yicha bellashdilar.
Tadbirning ochilish marosimida O‘zbekiston Ekologik partiyasi Navoiy viloyati Kengashi raisi, deputat Alijon Jalilov so‘zga chiqib, yosh avlodning sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishida sportning ahamiyati katta ekanini ta’kidlab, bugungi kunda yoshlarning sport bilan shug‘ullanishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanish muhimligini qayd etdi.
– Bugungi bellashuvlarda asosiy maqsad faqat g‘alaba qozonish emas. Eng muhimi, sport orqali do‘stlashish, bir-birini qo‘llab-quvvatlash, o‘z imkoniyatlarini sinab ko‘rish va sog‘lom raqobat muhitida tajriba orttirishdir. Raqibingizni hurmat qilgan holda g‘alaba sari intiling va sportni hayotingizning ajralmas qismiga aylantiring, – dedi Alijon Jalilov. –Dastlab mini futbol bo‘yicha bellashuvlar o‘tkazildi. Maydonga chiqqan yosh futbolchilar o‘z jamoalari sharafini munosib himoya qilish uchun bor kuch va mahoratlarini ishga soldilar. Jamoalar o‘rtasidagi bahslar qizg‘in va murosasiz kechdi.
Maydondagi har bir harakat, aniq uzatmalar, to‘p uchun kurash, darvozaga yo‘llangan zarbalar va kutilmagan hujumlar tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Yosh futbolchilarning harakatlarida jamoaviylik, o‘zaro hamjihatlik va g‘alabaga intilish yaqqol sezilib turdi.
Stol tennisi bo‘yicha bellashuvlarda ishtirokchilarning tezkorligi, chaqqonligi, aniqligi va vaziyatni tez baholay olish qobiliyati sinovdan o‘tkazildi.
Bellashuvlar davomida har bir ochko uchun keskin kurash olib borildi. Sportchilarning tezkor zarbalari va mohirona javob harakatlari musobaqa yanada qiziqarli bo‘lishini ta’minladi.
Musobaqalar dasturidan o‘rin olgan shaxmat va shashka bahslari yanada qiziqarli tus oldi. Intellektual sport turlarida ishtirokchilar mantiqiy fikrlash, diqqatni jamlash, sabr-toqat va strategik yondashuv borasida o‘z mahoratini namoyish etdilar.
Musobaqalar so‘nggida g‘olib va sovrindorlar, shuningdek, faol ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandilar.
A.Bo‘riyev,
O‘zA muxbiri