Kurash: “Yozgi Osiyo o‘yinlariga yo‘l” xalqaro mashg‘ulotlardan boshlanadi
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida Xalqaro kurash assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda “Yozgi Osiyo o‘yinlariga yo‘l” dasturi doirasida xalqaro toifadagi kurash hakamlari uchun o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini o‘z ishini boshladi.
Xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida Hindiston, Janubiy Koreya, Italiya, Tayvan, Indoneziya, Xitoy Taypeyi va boshqa 10 dan ortiq davlatdan tajribali kurash mutaxassislari ishtirok etmoqda.
Tadbirning ochilish marosimida ishtirok etgan Xalqaro kurash instituti rektori Habibulla Tojiyev, Xalqaro kurash assotsiatsiyasi bosh kotibi Rizo Nassiri, IKA texnik direktori Ravi Kapur, IKA ekspertlari Kim Eurjung, O‘zbekiston kurash federatsiyasi hakamlar hay’ati raisi Hikmat Qurtov va boshqalar Yaponiyaning Aichi-Nagoya shahrida o‘tkaziladigan Osiyo o‘yinlari o‘tadigan kurash musobaqalarining texnik jihatlari, unda hakam va texnik qo‘mita vakillarining roli xususida so‘zlab, amaliy va nazariy mashg‘ulotlar mundarijasi bilan ishtirokchilarni tanishtirdi.

Joriy yilning 22-avgustiga qadar davom etadigan nazariy va amaliy o‘quv-mashg‘ulotlar davomida mutaxassislar, hakamlar kurash sport turining qonun-qoidalari, baholash mezonlari va sportchilarning tarozidan o‘tish tartibi, qur’a tashlash jarayonlari, kurashchilarning gilamdagi harakatini nazorat qilish tamoyillari xususidagi bilimlarini oshiradi.
Eslatib o‘tamiz, XX yozgi Osiyo o‘yinlari 19-sentabr-4-oktabr kunlari Yaponiyaning Aichi-Nagoya shahrida bo‘lib o‘tadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA