Mustaqillik yillarida odil sudlovning yangi bosqichi – sifat o‘zgarishlariga erishildi
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi nafaqat iqtisodiy taraqqiyot, balki ijtimoiy sohalardagi yutuqlar, davlat boshqaruvi va odil sudlov tizimidagi sifat o‘zgarishlariga erishilgani bilan ahamiyatli.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Uchtepa tumanlararo sudi sudyasi Ozoda Shamsiddinova bilan shu haqda suhbatlashdik.
– Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 55-moddasida har kimga buzilgan huquq va erkinliklarini tiklash uchun uning ishi qonunda belgilangan muddatlarda vakolatli, mustaqil hamda xolis sud tomonidan ko‘rib chiqilishi huquqi kafolatlangan.
Mana shu konstitutsiyaviy kafolat mehnat munosabatlari sohasida, ya’ni fuqaroning tirikchilik manbai bo‘lgan ish joyi va ish haqi himoyasi masalasida alohida ahamiyat kasb etadi.
Keyingi yillarda "Yangi O‘zbekiston – yangi sud" tamoyili asosida amalga oshirilayotgan islohotlar qatorida fuqarolarning mehnat huquqlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish alohida o‘rin tutadi. Aynan shu yo‘nalishda eng so‘nggi va amaliy ahamiyatga molik qadam – sudlarda mehnat nizolarini ko‘rishga ixtisoslashgan sudyalar korpusini shakllantirish bo‘ldi.

Mehnat kodeksiga ko‘ra, mehnat nizosi - ish beruvchi va xodim o‘rtasida yoxud xodimlar (ularning vakillari) va ish beruvchilar (ularning vakillari) o‘rtasida mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikni, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlar va mehnatni muhofaza qilish qoidalarini, mehnat shartnomasini qo‘llash masalalari bo‘yicha, shuningdek yangi mehnat shartlarini belgilash yoki mavjud shartlarni o‘zgartirish masalalari bo‘yicha tartibga solinmagan kelishmovchiliklar.
Bunday nizolarning o‘ziga xos jihati shundaki, taraflar huquqiy jihatdan teng mavqeda bo‘lmaydi. Odatda, ish beruvchi va xodim o‘rtasida nizo kelib chiqqanida, ish beruvchi tomonidan yuridik tayyorgarlikka ega vakil uning manfaatlarini professional darajada himoya qiladi. Xodim esa ko‘pincha huquqiy bilimga ega bo‘lmagan, ayni paytda ish joyini yoki daromad manbaini yo‘qotish xavfi ostida turgan zaif tomon sifatida maydonga chiqadi. Mana shu nomutanosiblik sud tomonidan alohida tayyorgarlikka ega, sohani chuqur biladigan mutaxassis sudyalarning ishtirok etishini ob’ektiv zarurat darajasiga ko‘tardi.
– Haqiqatan, ish beruvchi bilan xodim o‘rtasida nizolar uchrab turadi. Mehnat huquqlari qisqa muddatlarda va samarali tarzda tiklanishi uchun qanday choralar ko‘riladi?
– Ishdan noqonuniy bo‘shatish, ish haqini undirish, mehnat shartnomasi shartlarining buzilishi kabi ishlar sud amaliyotida doimiy ravishda uchrab turadigan kategoriyalar hisoblanadi.
Ish beruvchi va xodim o‘rtasida mehnat to‘g‘risidagi qonunlar va mehnat shartnomasida nazarda tutilgan shartlarni qo‘llash yuzasidan kelib chiqqan kelishmovchiliklar mehnat nizolari deb e’tirof etiladi.
Biroq, mazkur toifadagi ishlarni ko‘rish mehnat qonunchiligi normalarini to‘g‘ri tatbiq etish, ishning barcha holatlarini har tomonlama va xolisona aniqlash hamda taraflarning huquq va manfaatlari o‘rtasida qonuniy muvozanatni ta’minlash zarurati bilan bog‘liq bo‘lgani sababli alohida tayyorgarlikka ega mutaxassislarni talab etadi.
Mutaxassislar fikricha, mehnat nizolarini ko‘rishga ixtisoslashgan sudyalar faoliyat yuritishi bu toifadagi ishlarni tezroq va sifatli hal etishga yordam beradi.
Bu nafaqat sudlar ish yuklamasini samarali taqsimlashga, balki ish beruvchi va xodimning huquq hamda qonuniy manfaatlarini adolatli himoya qilishga ham xizmat qiladi.
Eng muhimi, fuqarolarning mehnat huquqlari qisqa muddatlarda va samarali tarzda tiklanishi uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.
Bu islohot ildizlari 2023-yil 16-yanvarda qabul qilingan davlatimiz rahbarining "Odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoniga borib taqaladi.
Mazkur farmon asosida 2023 - 2026-yillarga mo‘ljallangan sud tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishning qisqa muddatli strategiyasi tasdiqlandi. Unda Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi va Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan murakkabligiga ko‘ra ixtisoslashuvni talab etuvchi yo‘nalishlar, jumladan, mehnat huquqlarini himoya qilishga ixtisoslashtirilgan sudyalar korpusini shakllantirish nazarda tutilgan.
Demak, bugungi kunda amalga oshirilayotgan islohotlar birdan paydo bo‘lgan qaror emas, balki uch yillik izchil strategiyaning mantiqiy yakuni va amaliy natijasidir. Bu – islohotlarning tizimli, rejali va ilmiy asoslangan tarzda amalga oshirilayotganidan dalolat beradi.
– Mehnat nizolarini ko‘rishga ixtisoslashgan sudyalar faoliyat boshlagani qanday natija beradi?
– Oliy sud rayosati tomonidan qabul qilingan qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-avgustdan boshlab fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda mavjud shtat birliklari doirasida mehnat nizolarini ko‘rishga ixtisoslashgan sudyalar faoliyat boshladi.
Bu borada tizim quyidagicha tashkil etildi: Oliy sudning Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida 4 nafar ixtisoslashgan sudya, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atlarida 3 nafardan sudya, Nukus, Buxoro, Jizzax, Qarshi, Karmana, Namangan, Termiz, Farg‘ona va Urganch tumanlararo sudlarida 2 nafardan, Samarqand shahar sudida 2 nafar, Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudida 1 nafar, Ohangaron tumanlararo sudida 2 nafar, O‘rta Chirchiq va Yangiyo‘l tumanlararo sudlarida 1 nafardan sudya, Toshkent shahridagi Mirzo Ulug‘bek, Mirobod, Shayxontohur, Uchtepa va Yakkasaroy tumanlararo sudlarida ham 2 nafardan ixtisoslashgan sudya ushbu yo‘nalishda ish olib borishi yo‘lga qo‘yildi.
– Demak, endilikda sudlarga tushadigan mehnat nizolariga oid arizalar ixtisoslashgan sudyalar o‘rtasida taqsimlanadi. Shundaymi?
– Aynan shunday. Bu tasodifiy taqsimot o‘rniga mutaxassislik asosidagi tizimli yondashuvning joriy etilganini anglatadi.
Ixtisoslashuv tamoyili jahon amaliyotida o‘zini uzoq vaqtdan beri oqlab kelgan yondashuvdir. Sudyaning ma’lum bir toifadagi ishlar bo‘yicha doimiy ravishda ish yuritishi unga chuqur bilim va tajriba to‘plash imkonini beradi. Sudya Mehnat kodeksi, tegishli plenum qarorlari va sud amaliyotidagi o‘zgarishlarni doimiy kuzatib boradi.
Ishlarni ko‘rib chiqish muddatlari qisqaradi. Bu esa, ayniqsa, ishdan bo‘shatilgan va ish haqidan mahrum bo‘lgan fuqarolar uchun muhim ahamiyatga ega. Chunki bunday vaziyatda har bir kun moddiy jihatdan og‘irlik qiladi.
Mehnat nizolari bo‘yicha sud amaliyotining bir xilligi ta’minlanadi, bu esa o‘xshash huquqiy munosabatlar yuzasidan qonun normalarining izchil va bir xil qo‘llanilishiga xizmat qiladi.
Ish beruvchilar uchun ham huquqiy aniqlik kuchayadi – tadbirkorlik sub’ektlari mehnat qonunchiligiga rioya qilish borasida sud amaliyotini yanada yaxshiroq bashorat qila oladi.
Mamlakatimiz davlat mustaqilligining 35 yilligiga qadam qo‘yayotgan bir paytda sud tizimidagi bunday o‘zgarishlar ramziy emas, balki amaliy ahamiyatga ega.
Mehnat nizolarini ko‘rishga ixtisoslashgan sudyalar korpusining shakllanishi – oddiy fuqaro uchun ishdan nohaq bo‘shatilganda yoki ish haqi ushlab qolinganda huquqini tezroq, aniqroq va sifatliroq himoya qilish imkonini beruvchi real vositadir.
"Inson qadri uchun" g‘oyasi doirasida amalga oshirilayotgan bu qadam — O‘zbekiston sud-huquq tizimining fuqaroga xizmat qilish yo‘nalishida davom etayotgan izchil taraqqiyotining yana bir dalili.
O‘zA muxbiri
Norgul Abduraimova
suhbatlashdi.