Yangi O‘zbekistonni kashf etib: ta’lim, taraqqiyot va xalqaro hamkorlik
Men me’morman. Kasbim taqozosiga ko‘ra butun umrim davomida tosh, g‘isht, koshin va gumbazlarning tilini o‘qishga harakat qilganman. Shu sababli 2021-yilda Samarqandga ilk bor qadam qo‘yganimda o‘zimni bir vaqtning o‘zida ham mutaxassis, ham oddiy bir sayyoh kabi his qilgandim.
Registon oldida o‘tkazgan birinchi oqshomim
O‘sha oqshom Registon maydonida uzoq turib qoldim. Mirzo Ulug‘bek madrasasining peshtoqidagi yulduzli naqshlarga tikilarkanman, bir haqiqatni anglab yetdim: bu shunchaki go‘zal bino emas, bu – dunyodagi eng qadimgi muhandislik va aniq fanlar maktablaridan biri. Olti asr muqaddam bu yerda talabalar astronomiya, geometriya va hisob ilmini o‘rgangan. Bugun men rahbarlik qilayotgan universitetga aynan shu buyuk alloma nomining berilgani – men uchun har kuni mas’uliyat tuyg‘usini beradi.
Ammo rostini aytishim kerak, o‘sha ilk tashriflarim chog‘ida ko‘zim faqat obidalarga tushmadi. Men universitet auditoriyalarini, laboratoriyalarni, talabalarning ish stollarini ham ko‘rdim. Iqtidor, mehnatsevarlik, ustozlarda fidoyilik bor edi. Lekin zamonaviy asbob-uskuna yetishmasdi. Xalqaro ilmiy jurnallarga chiqish yo‘llari torroq edi. Talabalar bilan ingliz tilida erkin suhbatlashish har doim ham oson kechmasdi. Chet ellik hamkasblar bilan qo‘shma loyiha qilish g‘oyasi ko‘pchilikka jasoratli orzudek tuyulardi.
Endi bir tafsilotga e’tibor qarating, men O‘zbekistonga kelgan 2021-yilda bu mamlakat o‘z mustaqilligining 30 yilligini nishonlayotgan edi. Bugun esa men bu satrlarni 35 yillik arafasida yozmoqdaman. Ya’ni tarix menga ajoyib bir imtiyoz berdi – O‘zbekiston mustaqilligining eng so‘nggi besh yilini chetdan kuzatmadim, uni kundalik ish jarayonida, auditoriyalarda, kengash yig‘ilishlarida va qurilish maydonlarida boshdan-oyoq yashab o‘tdim. Tarix uchun besh yil – ko‘z ochib yumguncha o‘tadigan lahza. Ammo aynan shu lahzada bir mamlakatning o‘z ta’lim tizimini qanday qilib tubdan yangilay olishiga shaxsan guvoh bo‘ldim.
O‘zgarishlar: raqamlar va ular ortidagi taqdirlar
Bugun O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasalari soni 200 dan oshdi. Ular orasida davlat oliy o‘quv yurtlari bilan bir qatorda o‘nlab nodavlat universitetlar va jahonning yetakchi oliy o‘quv yurtlarining filiallari ham faoliyat yuritmoqda. So‘nggi yillarda yoshlarning oliy ta’lim bilan qamrov darajasi bir necha barobar oshdi va “O‘zbekiston — 2030” strategiyasiga muvofiq bu ko‘rsatkichni 50 foizdan oshirish maqsad qilib qo‘yilgan.
Menga esa bu raqamlarning ortidagi jonli manzara yaxshiroq tanish.
Ta’lim jarayoni to‘liq kredit-modul tizimiga o‘tkazildi va Yevropaning ECTS tizimi qabul qilindi. Bu quruq ma’muriy o‘zgarish emas, bu samarqandlik talabaning Istanbul yoki Kuala-Lumpurda o‘qigan semestri o‘z vatanida tan olinishi demakdir. “3+1” qo‘shma dasturlari yoshlarga ikki diplom bilan bitirish imkonini berdi. Xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgan ta’lim dasturlari soni yildan yilga ortib bormoqda.
Men kelgan 2021-yilda universitetimiz talabasi uchun Yaponiya yoki Ispaniyada amaliyot o‘tash deyarli erishib bo‘lmas orzu edi. Bugun bizning talabalarimiz Yaponiyaning Setsunan universitetida xalqaro seminarlarda qatnashmoqda, professor-o‘qituvchilarimiz AQSHning Savanna san’at va dizayn kolleji (SCAD), Turkiyaning Yildiz texnika universiteti kabi oliy dargohlarda malaka oshirmoqda. Universitetimizning bugungi hamkorlik geografiyasi 20 dan ortiq mamlakatning qariyb 100 ta universiteti va yirik sanoat korxonasini qamrab oladi.
Eng katta islohot bu – ishonch
Ko‘p mamlakatlar ta’lim islohotlari haqida gapiradi. Ammo davlat universiteti rahbarligini chet el fuqarosiga ishonib topshirish bu – jasoratning butunlay boshqa darajasi.
O‘zbekiston hukumati aynan shu qadamni tashladi. Toshkent va Samarqanddagi bir qator oliy o‘quv yurtlariga xorijiy mutaxassislar rektor etib tayinlandi. Men ham shu qarorlardan birining natijasi sifatida bu vazifani zimmamga oldim.
Rostini aytsam, dastlab hayajonlandim: meni qanday qabul qilishadi? Boshqa mamlakatdan kelgan, boshqa maktabda tarbiyalangan, bundan tashqari, ayol rahbarga jamoa qanday munosabatda bo‘ladi?
Bugun bu savolga aniq javob bera olaman. Meni professor-o‘qituvchilar, talabalar, Samarqand shahri va viloyat rahbariyati – barchasi ochiq yurak bilan qabul qildi. Men bu yerda mehmon emas, jamoaning bir a’zosi ekanligimni his qildim. Ishonch og‘ir yuk emas, u qanot ekan. Meni oldinga eltayotgan narsa ham aynan shu.
Universitetimiz misolida
Yaqinda universitetimiz hayotida tarixiy voqea yuz berdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 26-maydagi qaroriga muvofiq Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti negizida Samarqand davlat texnika universiteti tashkil etildi.
Bu shunchaki nom o‘zgarishi emas. Bu universitetimizning me’morchilik va qurilish yo‘nalishidagi kuchli maktabini saqlab qolgan holda, muhandislik ta’limining kengroq maydoniga chiqish demakdir. Qaror doirasida 2027/2028-o‘quv yilidan universitetimizda Intellektual suv texnologiyalari ilg‘or muhandislik maktabi faoliyatini yo‘lga qo‘yish belgilandi. Markaziy Osiyo uchun suv resurslarini oqilona boshqarish masalasi qanchalik hayotiy ahamiyatga ega ekanini hisobga olsak, bu qarorning uzoqni ko‘zlab qabul qilinganini anglash qiyin emas.
Shuningdek, oliy o‘quv yurtlari bilan hududdagi yirik sanoat korxonalari o‘rtasida sanoat hamkorligini yo‘lga qo‘yish vazifasi belgilandi. Bu – ilm-fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasi bo‘yicha jahon amaliyotida o‘zini oqlagan model.
Me’mor nigohi bilan ko‘rilgan besh yil
Kasbim menga bir imtiyoz bergan: men o‘zgarishlarni raqamlardan emas, binolardan o‘qiyman va shuni ayta olamanki, so‘nggi besh yil men uchun ochiq osmon ostida o‘tgan uzoq me’morchilik darsi bo‘ldi.
Men kelgan paytda Samarqand aeroporti hali eski terminalda ishlardi. Bir yil o‘tmay yangi bino ochildi va uni birinchi marta ko‘rganimda taassurotlar katta bo‘lgan. Terminal ochiq kitob shaklida qurilgan: Mirzo Ulug‘bekning astronomik asari. Tomida esa yulduzlar turkumi. Shaharga havodan kelgan mehmon, hali chamadonini olib ulgurmay, Ulug‘bek osmonini ko‘radi.
Ammo meni eng ko‘p hayratlantirgan yana ikkita joy bor. Ular – Imom Buxoriy majmuasi va Islom sivilizatsiyasi markazi.
Imom Buxoriy majmuasida yurar ekansiz, avvalo sukunatni his qilasiz, keyin esa ishning ko‘lamini anglaysiz. Maqbara ham, uni o‘rab turgan tarixiy muhit ham o‘z joyida qoldi, atrofda esa butunlay yangi zamon qatlami paydo bo‘ldi. Men konservatsiya bilan shug‘ullanadigan mutaxassis sifatida aytaman: bu bizning kasbimizdagi eng qiyin vazifa. Eskini saqlab, unga shikast yetkazmay yangini qo‘shish uchun mablag‘ning o‘zi kifoya qilmaydi, bu yerda did va tarixga hurmat kerak.

Toshkentda joriy yil bahorida ochilgan Islom sivilizatsiyasi markazida yuqoriga boqsangiz, gumbaz ostida yulduzli osmonni ko‘rasiz. Bu shunchaki bezak emas, bu – Toshkent osmonining haqiqiy yulduz xaritasi.

O‘shanda men bir narsani angladim. Aeroportda ham, bu yerda ham me’morlar bir xil harakatni takrorlashgan: yangi binoni osmonga, ya’ni bu xalqning eng qadimiy ilmiy an’anasiga bog‘lashgan. Bu tasodif emas. Bu – o‘z ildizini bilgan mamlakatning ongli tanlovi.
Bunday misollarni esa butun mamlakat bo‘ylab uchratishimiz mumkin. Yangi turarjoy massivlari, maktablar, shifoxonalar, yo‘llar – qurilish bugun O‘zbekistonda eng jadal rivojlanayotgan sohalardan biri. Bizning universitetimiz uchun bu shunchaki manzara emas, balki kundalik mas’uliyat: bu ob’ektlarni loyihalaydigan va quradigan muhandislarni aynan biz tayyorlaymiz. Talabam bugun chizgan chizma ertaga kimningdir uyi bo‘lishini bilish – o‘qituvchi uchun ham mas’uliyatli, ham faxr baxsh etuvchi tuyg‘u.
Eng muhimi esa, boshqa narsada. Bugun kampusimizda yurar ekanman, xorijlik talabalarni uchrataman. Ingliz tilida bemalol suhbatlashadigan, xalqaro grant loyihalarida ishtirok etayotgan yosh tadqiqotchilarni ko‘raman. Muhandislik yo‘nalishlarida tahsil olayotgan qizlarimizning safi kengaymoqda – bu men uchun alohida quvonch.
Mustaqillikning 35 yili va oldinda turgan yo‘l
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi arafasida men bu mamlakatga tashqaridan kelgan, ammo endi o‘zini uning bir qismi deb his qiladigan inson sifatida fikr bildirmoqdaman.
Olti asr muqaddam Mirzo Ulug‘bek Samarqandga o‘z davrining eng yaxshi olimlarini taklif qilgan. U bilim chegara bilmasligini, ilm faqat ochiqlik sharoitidagina rivojlanishini yaxshi tushungan. Bugun O‘zbekiston aynan shu an’anani yangi tarixiy bosqichda tiklamoqda.
Yo‘l hali uzoq. Xalqaro reytinglarda mustahkam o‘rin egallash, ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish, bitiruvchilarni sifatli ish bilan ta’minlash – bularning barchasi yillar davom etadigan mehnatni talab qiladi. Ammo eng qiyin qadam allaqachon tashlandi: yo‘nalish tanlandi va bu taraqqiyot yo‘lidir.
Men o‘z hamkasblarimga – Turkiya, Yevropa, Osiyo va Amerika universitetlaridagi do‘stlarimga doim bir gapni aytaman: agar siz ta’lim sohasidagi haqiqiy o‘zgarishlar qanday bo‘lishini o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rmoqchi bo‘lsangiz, O‘zbekistonga keling.
Bu yerda kelajak qurilmoqda va men bu jarayonning ishtirokchisi bo‘lganimdan faxrlanaman.
Doktor Chidem Janbay TURKYILMAZ,
Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat texnika universiteti rektori.
O‘zA