Mustaqillik – tashabbus, mehnat va imkoniyatlar timsoli
Mustaqillik biz uchun, avvalo, o‘z kelajagimizni o‘z qo‘limiz bilan barpo etish, ertangi kunga mustahkam ishonch va o‘z tashabbuslarimizni amalga oshirish imkoniyatidir.
Bugun yurtimizda tadbirkorlik bilan shug‘ullanib, yangi ish o‘rinlari yaratayotgan va aholiga sifatli xizmat ko‘rsatayotgan minglab insonlarning faoliyati ana shu imkoniyatlarning amaliy ifodasi bo‘lib xizmat qilmoqda. Ayniqsa, keyingi yillarda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, keng sharoitlar yaratilmoqda.
Prezidentimizning joriy yil 19 - avgust kuni tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti mamlakatimizda soha rivoji yo‘lidagi muhim tarixiy voqea bo‘ldi. Ilk bor studiyalar orqali mamlakatimizning barcha hududlaridan 25 ming nafarga yaqin tadbirkor ishtirok etgan ushbu muloqotda yurtimiz iqtisodiyotining joriy yil birinchi yarmida 8,5 foizga o‘sgani qayd etildi.
Albatta, iqtisodiy o‘sishni ta’minlash oson emas. Buning uchun qulay ishbilarmonlik muhiti, qonun ustuvorligi, adolatli munosabat va tadbirkorning ertangi kuniga ishonchi muhim. Shu nuqtai nazardan, Prezidentimizning navbatdagi muloqotida tadbirkorlarni qiynab kelayotgan muammolar ochiq-oydin muhokama qilingani alohida ahamiyatga ega.
Jumladan, tadbirkorlarga qo‘llanilayotgan jarimalar miqdori yuqoriligi, bu holat ularning moliyaviy imkoniyatlarini cheklab qo‘yayotgani tanqidiy tahlil qilinib, jarimalar miqdorini o‘rtacha 2 barobar kamaytirish bo‘yicha topshiriq berildi.
Bu esa o‘z navbatida tadbirkorlik muhitini yanada sog‘lomlashtirishga xizmat qiladi. Chunki tadbirkorning asosiy maqsadi — faqat foyda olish emas. U ish o‘rni yaratadi, soliq to‘laydi, aholiga xizmat ko‘rsatadi, yangi texnologiya va yondashuvlarni joriy etadi. Shuning uchun uning faoliyatiga to‘sqinlik qiladigan ortiqcha ma’muriy bosimlar qancha kamaysa, iqtisodiyot uchun shuncha ko‘p foyda keltiradi.
Muloqotda bildirilgan yana bir muhim yangilik kelgusi yildan tadbirkor va davlat o‘rtasidagi nizolarda “Tadbirkorning haqlilik prezumpsiyasi” joriy etilishi haqidagi tashabbusdir. Ya’ni tadbirkorning harakatiga sud orqali qonuniy baho berilmaguncha, u aybsiz hisoblanadi. Bu tamoyilning amaliyotga kiritilishi tadbirkorning huquqiy himoyasini yanada kuchaytirib, davlat organlari va tadbirkor o‘rtasidagi munosabatlarda adolat mezonlarini mustahkamlaydi.
So‘nggi yillarda tadbirkorga xizmat ko‘rsatish, uning qonuniy faoliyatiga ko‘maklashish davlat organlari va mansabdor shaxslarning muhim vazifalaridan biriga aylanmoqda. Tibbiyot sohasida tadbirkorlik - oddiy biznes emas. Buning zamirida inson salomatligi, uning hayoti va taqdiri turadi. Shu bois xususiy tibbiyot muassasalari uchun yaratilgan sharoitlar nafaqat tadbirkorning, balki aholining ham manfaatiga xizmat qiladi.
Bugun xususiy tibbiyot muassasalari aholiga tibbiy xizmatlarni tanlash imkoniyatini kengaytirmoqda. Zamonaviy tibbiy uskunalarni xarid qilish, yangi xizmat turlarini joriy etish, malakali mutaxassislarni jalb qilish, xizmat sifatini oshirish kabi masalalarda tadbirkor uchun yaratilayotgan imkoniyatlar bevosita aholi salomatligiga ta’sir ko‘rsatadi.
Mustaqillikning 35 yilligi arafasida ortga nazar tashlar ekanmiz, mamlakatimiz taraqqiyotida inson omili va uning tashabbuslariga berilgan e’tibor qanchalik muhim ahamiyat kasb etayotganini ko‘ramiz. Bugun inson o‘z qobiliyati, bilimi va mehnati bilan nafaqat o‘z oilasi, balki yurti taraqqiyotiga ham hissa qo‘shmoqda. Shu ma’noda, Mustaqillik bizga berilgan tayyor ne’mat emas, balki uning qadrini mehnat, tashabbus, mas’uliyat va fidoyilik bilan namoyon etib borishimiz zarur bo‘lgan buyuk imkoniyatdir.
Barchamiz uchun eng katta maqsad - tinch va farovon yurtda halol mehnat qilib, mamlakatimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligi yo‘lida yanada g‘ayrat va mas’uliyat bilan mehnat qilishimiz lozim. Mustaqillik bergan imkoniyatlarni yosh avlod kelajagiga munosib yo‘naltirish har birimizning zimmamizdagi ezgu va mas’uliyatli vazifadir.
Baxtiyar Otelbayev,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tuman Kengashi deputati
O‘zA