Amudaryoda Mang‘it suv tozalash inshooti va Amfiteatr foydalanishga topshirildi
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi arafasida mamlakatimizning barcha hududlarida yangi bunyodkorlik va obodonlashtirish loyihalari amalga oshirilmoqda.
Ushbu loyihalar qatorida Prezidentimiz tomonidan Qoraqalpog‘istonda ishga tushirilgan yirik ob’ektlardan biri Amudaryo tumanidagi Mang‘it suv tozalash inshooti bo‘ldi. Tadbirda faollar va nuroniylar bu yerda amalga oshirilgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.
Umumiy qiymati 167,7 milliard so‘m bo‘lgan loyiha doirasida ob’ekt to‘liq rekonstruksiya qilinib, sutkasiga 40 ming kub metr suvni tozalash quvvati yaratildi. Shuningdek, loyiha doirasida 3 ta ichimlik suvi inshooti va 300 kilometrdan ziyod suv tarmoqlari yangilandi.
Ushbu bunyodkorlik ishlari natijasida Amudaryo tumanida markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasi 80 foizga yetkazildi. Muhimi, loyihaning ishga tushirilishi tuman aholisi uchun munosib bayram sovg‘asi bo‘ldi.
Shu kuni Amudaryo tumani aholisi uchun bayram sovg‘asi - markaziy amfiteatrning ochilish marosimi o‘tkazildi.

Ta’kidlash joizki, tuman aholisining bayram tadbirlarini yuqori saviyada o‘tkazishi uchun munosib joy, yillar davomida ushalmay kelgan niyati - amfiteatr avval bo‘lmagan edi. Prezidentimizning e’tibori bilan bugungi kunga kelib yangi Amfiteatr qurilib, foydalanishga topshirildi va tuman aholisining ko‘p yillik orzu-umidi ro‘yobga chiqdi. Ahamiyatlisi, bundan buyon tumandagi barcha yirik madaniy tadbirlar va bayram tantanalari shu yerda o‘tkaziladi.

Ochilish marosimi mamlakatimiz mustaqilligining 35 yillik bayrami arafasida o‘tkazilishi tadbirga yanada ko‘tarinki ruh bag‘ishlab, haqiqiy bayramga aylandi. Tadbir san’at va madaniyat xodimlari ijrosidagi konsert dasturi bilan davom etdi.
Ochilish marosimlarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni yangidan qurib bitkazilgan Mang‘it suv tozalash inshooti va Amfiteatrning foydalanishga topshirilishi bilan qutladi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri