Mustaqillik bayramida qo‘shimcha poyezd, avtobus va aviareyslar yo‘lga qo‘yiladi
Mustaqillik bayrami kunlarida aholining mamlakat bo‘ylab sayohat qilishi uchun temir yo‘l, avtomobil va havo transportida qo‘shimcha qatnovlar tashkil etiladi.
Bayram arafasida ichki turizmni rivojlantirish, aholiga sayohat uchun qulay sharoit yaratish hamda turistik hududlarga borish-kelish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida transport qatnovlari ko‘paytiriladi.
“Toshkent–Xiva–Toshkent”, “Toshkent–Qo‘ng‘irot–Toshkent”, “Toshkent–Shovot–Toshkent”, “Toshkent–Termiz–Toshkent” va “Toshkent–Sariosiyo–Toshkent” yo‘nalishlaridagi poyezdlarga 4 tagacha qo‘shimcha vagon ulanadi.
Shuningdek, “Toshkent–Samarqand–Toshkent”, “Toshkent–Buxoro–Toshkent” va “Toshkent–Urganch–Toshkent” yo‘nalishlarida yuqori tezlikdagi elektropoyezdlarning qo‘shimcha qatnovlari tashkil etiladi.
Qo‘shimcha qatnovlar bayramdan ikki kun oldin boshlanib, bayramdan keyingi ikki kun davom etadi. Viloyatlararo yo‘nalishlarda qo‘shimcha avtobus qatnovlari yo‘lga qo‘yiladi. Toshkentdagi Janubiy temir yo‘l vokzali hududida viloyatlararo avtobuslar uchun zaxira to‘xtash joyi ajratiladi.
Bayramdan kamida ikki kun oldin Toshkent–Urganch, Toshkent–Nukus, Toshkent–Buxoro va Toshkent–Termiz yo‘nalishlarida qo‘shimcha aviareyslar amalga oshiriladi.
Ko‘rilayotgan choralar bayram kunlarida aholining mamlakat bo‘ylab erkin harakatlanishi, tarixiy-madaniy yodgorliklar, turistik va tabiiy maskanlarga tashrif buyurishi uchun qo‘shimcha transport imkoniyatlarini yaratadi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA