Mustaqilligimizning 35 yilligi oldidan
FOTOGALEREYA: Farg‘onada — Yangi O‘zbekiston nafasi
Farg‘ona vodiysi... Bu nom tilga olinganda ko‘z oldimizga, avvalo, serhosil dalalar, fayzli mahallalar, qadimiy hunarmandchilik va mehnatsevar insonlar keladi. Bugun bu an’anaviy qiyofa zamonaviy sanoat, innovatsiya, ta’lim va turizm imkoniyatlari bilan boyib bormoqda.
Farg‘ona viloyatida azaldan shakllangan tadbirkorlik va hunarmandchilik madaniyati yangi iqtisodiy sharoitda yanada keng imkoniyatlarga ega bo‘lmoqda. Korxonalarda zamonaviy texnologiyalar joriy qilinib, to‘qimachilik, qurilish materiallari, oziq-ovqat va boshqa tarmoqlarda yangi ishlab chiqarish quvvatlari paydo bo‘lmoqda. Bu jarayon yangi ish o‘rinlari va eksport imkoniyatlarini ham kengaytirmoqda. 2026-yilda viloyatda sanoat, qishloq xo‘jaligi, servis va turizm yo‘nalishlarida yirik loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Farg‘onaning iqtisodiy hayotini qishloq xo‘jaligisiz tasavvur etish qiyin. Oltiariqning uzumzorlari, Quvaning bog‘lari, Rishton va atrof hududlardagi dehqonchilik an’analari zamonaviy agrotexnologiyalar bilan uyg‘unlashmoqda. Intensiv bog‘lar, eksportbop mahsulotlar, qayta ishlash va saqlash imkoniyatlari agrar tarmoqning daromaddorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Viloyatning o‘ziga xosligi faqat iqtisodiyotda emas. Qadimiy shaharlar, kulolchilik va hunarmandchilik maktablari, milliy me’morchilik an’analari Farg‘onaning ma’naviy qiyofasini belgilab beradi. Rishton kulolchiligi, Qo‘qonning tarixiy obidalari, Marg‘ilonning atlas va adras maktabi — asrlardan kelayotgan merosning bugungi hayotdagi davomidir.
Farg‘ona tog‘lari esa viloyatning yana bir betakror qirrasini namoyon etadi. Shohimardon, Vodil, Avval, Chimyon kabi maskanlarning tabiiy salohiyati turizmni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda. Zamonaviy dam olish maskanlari, mehmon uylari va turistik infratuzilma loyihalari bu hududlarning sayyohlik qiyofasini o‘zgartirmoqda.
[gallery-31139]
Ta’lim va ilm-fan sohasidagi natijalar ham vodiyning intellektual salohiyati yuksalayotganidan dalolat beradi. Yangi maktablar, xususiy ta’lim muassasalari, zamonaviy laboratoriyalar va yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar kelajak avlodga qaratilgan e’tiborning amaliy ifodasidir.
Sport maydonlaridagi shijoat, tibbiyot muassasalaridagi yangilanishlar, obod mahallalar va kundalik hayotdagi o‘zgarishlar esa bu taraqqiyotning markazida inson turganini ko‘rsatadi.
Ushbu fotogalereya Farg‘onaning ana shu rang-barang hayotidan lavhalarni jamlaydi: daladagi mehnat, korxonadagi ish jarayoni, ustaxonadagi hunarmand, sinfxonadagi o‘quvchi, sport maydonidagi yosh va tog‘ bag‘ridagi sayyohlik manzaralari...
Farg‘ona — o‘tmish an’analari va bugungi yangilanishlar bir-biriga uyg‘unlashgan, mehnat va ma’rifat qadrlangan, inson salohiyati taraqqiyotning asosiy kuchiga aylanayotgan zamin.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA