Navoiy davlat universiteti va Bucheon universiteti hamkorligi yangi bosqichda
Bucheon University rektori, professor Xan Chyung Suchning taklifiga binoan Navoiy davlat universiteti rektori, professor Muhiddin Kalonov Koreya Respublikasida xizmat safarida bo‘lib, universitetning yangi Sosa kampusi ochilish marosimi hamda global akademik hamkorlikka bag‘ishlangan xalqaro konferensiyada ishtirok etdi.
16 dan ortiq davlat vakillari qatnashgan konferensiya doirasida universitetlararo hamkorlik, akademik mobillik, qo‘shma ta’lim dasturlari hamda ilmiy-tadqiqot aloqalarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

– Navoiy davlat universiteti va Bucheon universiteti o‘rtasida 2027-yildan yangi qo‘shma ta’lim dasturlarini ochish (dastlab bakalavriat bosqichida) hamda ilmiy-innovatsion loyihalarni birgalikda amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi, – deydi M.Kalonov. – Shuningdek, kelishuvga ko‘ra, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini yanada kengaytirish, Navoiy davlat universitetida Sport ilmiy-reabilitatsiya markazini tashkil etish ham ko‘zda tutilgan.

Tadbir so‘nggida ishtirokchilar 2026-yil 9-sentabr kuni Navoiy davlat universitetida tashkil etilayotgan “Koreys tili va koreys madaniyati markazi”ning ochilish marosimiga taklif etildi.
A.Bo‘riyev,
O‘zA muxbiri