Musobaqalarga start berildi
Mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lgan kabi Andijonda ham “Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi” o‘yinlariga rasman start berildi.
Talaba-yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish, ularning jismoniy faolligini oshirish hamda sportga bo‘lgan qiziqishini yanada kuchaytirish maqsadida o‘tkazilayotgan musobaqalar ochilishiga bag‘ishlab, Andijon davlat universiteti sport zalida tashkil etilgan tadbirda sport vazirligi, viloyat sport boshqarmasi mutasaddilari, viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari rektorlari, murabbiylar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirda mamlakatimizda talabalarning sport bilan muntazam shug‘ullanishi, sport sohasida o‘zlarining iqtidor va salohiyatlarini to‘laqonli namoyon etishlari uchun keng imkoniyatlar yaratib berilayotganligi, xususan, “Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi” musobaqalari ham ana shu yo‘nalishdagi ishlardan biri ekanligi ta’kidlandi.


Mazkur musobaqalar oliy ta’lim muassasalarida aprel – may oylarida “Sog‘lomlashtirish va sport oyligi” doirasida tashkil etiladi.

Talabalar musobaqalarda sportning basketbol (3x3), voleybol, gandbol, yengil atletika, stol tennisi, suzish va futbol turi bo‘yicha bellashib, g‘oliblik uchun o‘zaro bahs olib boradi.
F. Ubaydullayev, O‘zA muxbiri.