Mushtariylarning ishonchini qozonayotgan nashr
Qarshi shahrida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qashqadaryo viloyati kengashida «Ishonch» va «Ishonch-Doveriye» gazetalari ijodiy jamoasi ishtirokida «Ishonch» kunlari» doirasida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbirda keyingi yillarda mazkur nashrlarda xalqni qiynayotgan dolzarb muammolar, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, jamiyat hayotidagi o‘zgarishlar hamda insonlar taqdirini aks ettiruvchi maqolalar ko‘lami kengayib borayotgani ta’kidlandi. Bu esa gazetalarning axborot maydonidagi o‘rnini mustahkamlash va mushtariylarning safi kengayishiga xizmat qilayotgani qayd etildi.

Tadbirda «Ishonch» va «Ishonch-Doveriye» gazetalari bosh muharriri o‘rinbosari Jahongir Nahanov hamda bo‘lim mudiri Alijon Abdurahmonov tahririyat oldida turgan ustuvor vazifalar, mavzularni yanada boyitish va mushtariylar bilan aloqalarni mustahkamlash xususida so‘z yuritdi.
- «Ishonch» gazetasi tezkor axborot yetkazishi, dolzarb mavzularni ko‘tarishi va mushtariylarni fikrlashga undashi bilan ajralib turadi. Nashrda mavzularning xilma-xilligi, tahliliy yondashuv va mualliflarning ijodiy salohiyati alohida e’tiborga loyiq. Sohamizdagi yangilik va o‘zgarishlar ham muntazam yoritib borilayotgani faoliyatimiz uchun muhim, - deydi O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Shahrisabz shahar bo‘linmasi raisi Umid Ortiqov.

Uchrashuvda mushtariylar ham o‘z taklif va mulohazalarini bildirdi. Xususan, ishchi-xodimlar hayoti, oddiy insonlarning taqdiri, orzu-intilishlari, yutuqlari va hayotiy tajribasini aks ettiruvchi maqolalar, shuningdek, ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi ommabop materiallarni ko‘paytirish taklif etildi.

Bunday ijodiy muloqotlar tahririyat va mushtariylar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, o‘quvchilar talab va istaklarini o‘rganish, nashrlar mazmunini yanada takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tadbir yakunida faol ishtirok etgan gazetxonlarga tahririyat nomidan esdalik sovg‘alari ulashildi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri