O‘zbek tili – biz uchun g‘urur va faxr (+video)
Har yili 21-oktabr yurtimizda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun – o‘zbek tili bayrami sifatida keng nishonlanadi. Xuddi shu sanada, bundan o‘ttiz yetti yil avval, mustaqillik qo‘lga kiritilmasidan avval, ya’ni 1989-yilda "O‘zbekiston Respublikasining Davlat tili to‘g‘risida"gi Qonuni qabul qilingani katta tarixiy qadam bo‘ldi.
Til har bir millatning ulkan boyligi, benazir qadriyati va bebaho mulki hisoblanadi. Har bir xalq, har bir elat, o‘zi hurmat va ehtirom qiladigan tilga ega. Unda xalq, millatning tarixi va madaniyati aks etadi.

E’tiborlisi shundaki, mamlakatimizda nafaqat etnik qatlamlar, balki 130 dan ziyod turli millat va elatga mansub vatandoshlarimiz ham shonli sana – 21-oktabr kunini katta quvonch bilan bayram qilishadi.

O‘zbek tili bayrami munosabati bilan Namangan viloyati bojxona boshqarmasi jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar bo‘yicha bosh inspektori, kapitan Anastasiya Ataxanova Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mita hamda O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi hamkorligida turli millat va elatlar vakillari o‘rtasida o‘tkazilgan “O‘zbek tili barchamizni birlashtiradi!” shiori ostidagi tanlovda ishtirok etib, she’r aytish yo‘nalishida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

Millati rus bo‘lgan Nastyaxon qariyib to‘qqiz yildan buyon bojxona organlarida o‘zbek tilida ish yuritib, hamkasblari va fuqarolar bilan davlat tilida muloqot qilib kelmoqda. Ayniqsa, u “Namangan xalqaro aeroporti” va “Kosonsoy” chegara bojxona postida olib borgan xizmat faoliyati davrida o‘zbek tilini yanada puxta o‘zlashtirdi.

– Davlat tilini bilish va hurmat qilish nafaqat qonun talabi, balki shu muqaddas yurtning madaniyati va qadriyatlariga bo‘lgan ehtirom ifodasidir. Shu boisdan ham inson qaysi millat vakili bo‘lishidan qat’i nazar, o‘zi yashayotgan yurtning davlat tilini bilishi va hurmat qilishi muhim, – deydi Anastasiya Ataxanova. – Nafaqat ishda, balki oilamizda ham o‘zbek tiliga hurmat bilan munosabatda bo‘lamiz. Davlatobod tumanidagi 49-sonli umumta’lim maktabiga endigina qadam qo‘ygan jaji 1-sinf o‘g‘lim Eminga ham o‘zbek tilini o‘z ona tilidek ko‘rib, e’zozlashini tayinlayman. Bojxona boshqarmasidagi faoliyatim ommaviy axborot vositalari xodimlari va ijtimoiy tarmoq faollari bilan ishlashga chambarcham bog‘liq. Ular bilan o‘zaro muloqotlarda imkon qadar o‘zbek tilida suhbatga kirishaman. So‘ralgan barcha ma’lumotlarni davlat tilida yetkazaman. Jurnalistlar menga “o‘zbek tilini xuddi ona tilingizdek ravon gapirasiz” deyishganlarida xursand bo‘laman.

Darhaqiqat, turkiy millat va elatlar orasida katta nufuzga ega bo‘lgan o‘zbek tili bugungi kunda nafaqat o‘zbeklar, balki Yangi O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan boshqa millatga mansub fuqarolarimiz uchun ham chin ma’noda g‘urur va iftixorga aylanmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri