Murojaatlar — xalq bilan ochiq muloqot mezoni
Navoiy shahridagi Ma’naviyat va ma’rifat markazida Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Abdulaziz Soliyev ishtirokida sayyor qabul tashkil etildi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda davlat organlari faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, xalq bilan muloqotni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu jarayonda murojaatlar bilan ishlash tizimini raqamlashtirish, aholiga qulay xizmat ko‘rsatish mexanizmlarini joriy etish va mas’ul xodimlarning javobgarligini oshirish muhim vazifaga aylandi.
Soliq organlari faoliyatida ham murojaatlar bilan ishlash ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Zero, tadbirkorlar va fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlar soliq tizimidagi mavjud muammolarni aniqlash, xizmatlar sifatini baholash va takliflarni o‘rganishda muhim manba bo‘lib xizmat qilmoqda.
Navoiy viloyati soliq xizmati organlariga 2026-yilning birinchi choragi davomida jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan 9 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan. Ularning 3 550 tasi yuridik shaxslar, 5 450 tasi esa jismoniy shaxslar hissasiga to‘g‘ri kelgan.
[gallery-29646]
- Murojaatlarning aksariyati elektron tarzda qabul qilingani raqamli xizmatlar samaradorligi ortib borayotganidan dalolat beradi, - deydi viloyat soliq boshqarmasining Tashkiliy ishlarni nazorat qilish va murojaatlar bilan ishlash sho‘’basi boshlig‘i Muhayyo Ramazonova. - Xususan, 7 638 ta murojaat Elektron soliq xizmatlari portali hamda bevosita qabul qilingan murojaatlarga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, Prezidentning Virtual va Xalq qabulxonalari, “Ishonch telefoni” va rahbar qabullari orqali ham murojaatlar qabul qilingan.
Tahlillarga ko‘ra, kelib tushgan murojaatlarning 75 foizi ijobiy hal etilgan. Qolgan murojaatlar yuzasidan huquqiy tushuntirishlar berilgan yoki qo‘shimcha o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Bu esa murojaatlarga befarq qaralmayotgani, har bir masala atroflicha ko‘rib chiqilayotganini ko‘rsatadi.
Sayyor qabulda 150 nafarga yaqin fuqaro va tadbirkorlik sub’ektlari ishtirok etdi. Yuzma-yuz muloqotda tadbirkorlar mol-mulk va yer solig‘i, tovarlarni markirovka qilish, imtiyozli bank kreditlarini olish, yer ajratish va boshqa soliq sohasiga oid murojaat va takliflari bilan qatnashdi.
- Biz chetdan zotli qoramollarni olib kelib, korxonamizni kengaytirmoqchimiz, - deydi “Xatirchi parranda” klasteri rahbari Hilola Ishanova. - Prezidentimizning 2026-yil 12-maydagi “Chorvachilik tarmog‘i va yaylov xo‘jaligini zamonaviy boshqaruv tizimi va yangicha yondashuvlar asosida rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan chorva importi uchun soliq imtiyozi berilmoqda. Taklifimiz qo‘mita rahbariyatiga ma’qul keldi va bizni shu masala bilan shug‘ullanuvchi mutaxassis bilan bog‘lab berishdi. Undan o‘zim uchun kerakli bo‘lgan tavsiyalarni oldim. Kelgusida chorvachilikni yo‘lga qo‘yib, yana 10 nafar fuqaroni ish bilan ta’minlaymiz.
Albatta, murojaatlar bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish davlat organlari faoliyati samaradorligini oshirish, fuqarolarning davlat idoralariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash hamda jamiyatda ijtimoiy adolat va ochiqlik muhitini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari