Buxoro pillakorlarining g‘alabasi
Buxoro viloyati pillakorlari joriy mavsumda ham mehnatsevarlik, tajriba va uyushqoqlik namunasini ko‘rsatib, pillachilik sohasida salmoqli natijalarga erishdi. Viloyatda mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Kumushkent ipagi”, “Romstar” hamda “Romstar Silkworm Pro” pillachilik klasterlari buyurtmachiligi asosida 52 ming 388 quti ipak qurti parvarishlanib, rejada belgilangan ko‘rsatkichlardan ortiq — 3 ming 243 tonna yuqori sifatli “kumush tola” yetishtirildi.
Bu natija nafaqat qishloq xo‘jaligi sohasidagi muhim yutuq, balki aholi bandligi va daromadini oshirish borasida ham katta ahamiyat kasb etmoqda. Mavsum davomida viloyatning turli hududlarida 100 mingdan ziyod aholi doimiy va mavsumiy mehnat bilan qamrab olindi. Bir oydan ortiq davom etgan pilla parvarishi jarayonida pillakorlar va kasanachilar 130 milliard so‘mga yaqin daromad oldi. Bu esa pillachilikning aholi turmush darajasini yaxshilashdagi o‘rni tobora ortib borayotganini yaqqol ko‘rsatadi.

Sohada qo‘lga kiritilgan bu yutuqlar zamirida davlat tomonidan berilayotgan keng ko‘lamli qo‘llab-quvvatlash choralari mujassam. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 6-martdagi “Ipakchilik sohasini yangi tizim asosida rivojlantirish hamda ozuqa bazasini mustahkamlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori sohani yanada modernizatsiya qilish va pillachilik tarmog‘ini yangi bosqichga olib chiqishda muhim dasturilamal vazifasini bajarmoqda.

Joriy yilda pillachilik klasterlari tomonidan 52,4 ming quti ipak qurti urug‘i maxsus inkubatoriyalarda jonlantirilib, pilla yetishtiruvchilarga yetkazib berildi. Har bir quti uchun 500 ming so‘mdan bo‘nak puli ajratilgani pillakorlarning mehnatga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirdi. Umumiy hisobda 24,4 milliard so‘mlik avans mablag‘lari tarqatilgani sohadagi iqtisodiy faollikni kuchaytirishga xizmat qildi.
Pilla yetishtirish jarayonini samarali tashkil etish uchun zarur bo‘lgan vosita va jihozlar ham pillakorlarga o‘z vaqtida yetkazib berildi. Jumladan, 62,2 tonna to‘shama qog‘oz, 16,1 ming dona termometr, 25,5 ming dona psixometr, 6 tonna formalin, 20 ming metr bo‘z va 2 tonna syomniklar kasanachi va oilaviy zvenolarga tarqatildi. Bu esa ipak qurti parvarishida sanitariya va agrotexnik talablarni yuqori darajada ta’minlash imkonini berdi.
Mutaxassislar ta’kidlaganidek, har bir quti ipak qurtidan o‘rtacha 65–70 kilogramm pilla olingan bo‘lsa, ilg‘or zvenolarda bu ko‘rsatkich 80–85 kilogrammgacha yetdi. Bir dona pillaning og‘irligi 1,8–1,9 grammni tashkil qilgani ham hosil sifati yuqori bo‘lganidan dalolat beradi.

Bu yilgi mavsumda Olot, Vobkent, Qorako‘l, Shofirkon va Romitan tumanlari pillachilikda peshqadam hududlar sifatida alohida e’tirof etildi. Xususan, Vobkent tumanida 5977 quti ipak qurtidan qariyb 370 tonna, Qorako‘l tumanida 5705 qutidan 355 tonna, Romitan tumanida esa 265 tonnadan ziyod yuqori sifatli pilla yetishtirildi. Bu kabi yuqori natijalar viloyatda pillachilik madaniyati va tajribasi tobora takomillashayotganini anglatadi.
Viloyat hududiy “Agropilla” rahbari Ilyos Temirovning ta’kidlashicha, muvaffaqiyatning asosiy omillaridan biri — pillakor agronomlar, mutaxassislar va tajribali kasanachilarning hamjihatlikdagi mehnati bo‘ldi. Ipak qurtining o‘z vaqtida sifatli tut bargi bilan ta’minlangani hosildorlikka ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Shu maqsadda viloyatda mavjud tutzorlarni kengaytirish, yangi tut ko‘chatlari ekish va eski konturlarni rekonstruksiya qilish ishlari izchil davom ettirilmoqda. Joriy yilda 10 milliondan ortiq tut ko‘chatlari ekilishi rejalashtirilgani sohaning kelajagi uchun mustahkam ozuqa bazasi yaratilayotganini ko‘rsatadi.

Bugungi kunda viloyatda 4 ming gektardan ziyod tutzorlardan samarali foydalanilmoqda. E’tiborlisi, o‘tgan yilga nisbatan tutzor maydonlari yana 300 gektarga kengaydi. Bu esa pillachilik tarmog‘ining rivoji uchun muhim omil hisoblanadi.

Mutaxassislar hisob-kitoblariga ko‘ra, 2026-yilda yetishtirilgan pilla xomashyosini qayta ishlash orqali 12 million AQSH dollariga teng eksport amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Bu esa nafaqat viloyat iqtisodiyoti, balki mamlakat eksport salohiyatini oshirishda ham muhim ahamiyatga ega.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri