Mustaqillikning 35 yili: inson salomatligi yo‘lidagi islohotlar
Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida o‘tgan yo‘lga nazar tashlar ekanmiz, tibbiyot sohasidagi o‘zgarishlar alohida e’tiborga loyiq. Ayniqsa, so‘nggi o‘n yillik mamlakat sog‘liqni saqlash tizimi uchun tub burilishlar davri bo‘ldi. Bu davrda tibbiyotga munosabat ham, uni boshqarish falsafasi ham o‘zgardi. Ilgarigi “kasal bo‘lganda davolash” tamoyili o‘rnini “kasallikning oldini olish, uni erta aniqlash va insonga yaqin joyda tibbiy yordam ko‘rsatish” g‘oyasi egallay boshladi.
Tibbiyotdagi islohotlarni katta raqamlar, yangi binolar yoki zamonaviy apparatlar bilangina o‘lchab bo‘lmaydi. Ularning haqiqiy mezoni – oddiy inson hayotidagi o‘zgarishlar bilan o‘lchanadi. Misol uchun qishloqda yashayotgan bemor ilgari murakkab tekshiruv uchun viloyat markaziga, ba’zan esa Toshkentga borishga majbur bo‘lgan, bugun esa yuqori texnologiyali diagnostika va davolash usullarining katta qismi hududlarning o‘zida bajarilmoqda.
So‘nggi yillarda tibbiyot sohasiga 230 trillion so‘m yo‘naltirilib, hududlarda 187 ta yangi poliklinika va shifoxona ishga tushirilgan, 1 244 ta muassasa rekonstruksiya qilinib, jihozlangan. Birlamchi tibbiyot muassasalari quvvati 60 foizga oshgan, ilgari asosan poytaxtda bajarilgan 400 dan ortiq yuqori texnologiyali diagnostika va davolash usullari hududlarga tushirilgan. Birinchi marta 45 ta tumanda buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Tibbiyotdagi bu o‘zgarishlarni millionlab odamlarimiz o‘z hayotida his etmoqda, xalqaro tashkilotlar tomonidan e’tirof etilmoqda.

Bu – shunchaki statistika emas. Bu raqamlar ortida yuz minglab bemorlarning yo‘l azobidan, ortiqcha xarajatdan, vaqt yo‘qotishdan xalos bo‘lgani, eng muhimi, o‘z vaqtida tibbiy yordam olish imkoniyati paydo bo‘lgani mujassam.
Sog‘liqni saqlash tizimidagi eng muhim o‘zgarishlardan yana biri – birlamchi tibbiy yordamni kuchaytirish bo‘ldi. Chunki zamonaviy tibbiyotning eng to‘g‘ri yo‘li kasallikni oxirgi bosqichga yetkazib, qimmat va murakkab operatsiya qilish emas. Eng to‘g‘ri yo‘l – xastalikni barvaqt aniqlash. So‘nggi besh yilda tibbiyotni aholiga yaqinlashtirish maqsadida tashkil etilgan oilaviy shifokorlik punktlari, oilaviy poliklinikalar va mahalla tibbiy punktlari soni 4 600 dan oshdi. Qisqa qilib aytganda, bu raqamlarning har biri ortida bitta oddiy haqiqat bor, shifokor insonning eshigiga yaqinlashmoqda.
Tibbiyotda islohotlarning natijasini inson eng avvalo tez tibbiy yordamda his qiladi. So‘nggi yillarda bu tizimda ham katta o‘zgarishlar amalga oshirildi. 2017-yilda mamlakatda 818 ta tez tibbiy yordam shoxobchasi faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, 2024-yilga kelib ularning soni 1 766 taga yetdi. Tez tibbiy yordam brigadalari 1 648 tadan 2 838 taga, reanimobillar esa 24 tadan 510 taga ko‘paydi. Tizimdagi avtotransport vositalarining 80 foizi yangilandi. Xizmat ko‘rsatish radiusi shaharlarda 25-30 kilometrdan 9-12 kilometrga qisqardi. Barcha hududlarda tez tibbiy yordamni elektron avtomatlashtirilgan boshqarish tizimi joriy etildi.

Qolaversa, har qanday davlatning ertangi kunini uning bugungi avlodi salomatligi belgilaydi. Shu ma’noda ona va bola salomatligini muhofaza qilish so‘nggi yillarda tibbiyot islohotlarining eng muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Homilador ayollarni muntazam nazorat qilish, prenatal va neonatal skrining, tug‘ma kasalliklarni erta aniqlash, chaqaloqlar salomatligini nazorat qilish bo‘yicha tizimli yondashuv kuchaytirildi.
Shu bilan birga, birlamchi bo‘g‘inda ayollarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va ularni sog‘lomlashtirish ishlari ham kengaygan. 8 500 nafar doyaning tibbiy brigadalar tarkibiga kiritilishi onalar va chaqaloqlarga patronaj xizmatini kuchaytirishga xizmat qilmoqda. Bu yerda e’tiborli jihat tibbiyotning inson hayotiga hali dunyoga kelmasdan turib g‘amxo‘rlik qila boshlaganidir. Bola tug‘ilganidan keyin davolashdan ko‘ra, uning sog‘lom tug‘ilishini ta’minlash, tug‘ma kasalliklarni erta aniqlash va asoratlarning oldini olish tibbiyotning eng katta yutug‘i sanaladi.
So‘nggi o‘n yillikda hayotimizning deyarli barcha sohalariga raqamli texnologiyalar kirib keldi. Tibbiyot ham bundan mustasno emas. Elektron tibbiy hujjatlar, elektron retsept, elektron yo‘llanma, tibbiy ma’lumotlarni integratsiyalash, tez tibbiy yordamni avtomatlashtirish bularning barchasi bitta maqsadga xizmat qiladi, shifokorning qog‘ozbozligini kamaytirish va uni bemor bilan ko‘proq ishlashga yaqinlashtirish.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ham O‘zbekistondagi islohotlarning muhim yo‘nalishlari sifatida birlamchi tibbiy yordamni transformatsiya qilish, tibbiyotni moliyalashtirish tizimini isloh etish va raqamli sog‘liqni saqlashni rivojlantirishni qayd etgan. Bu jarayon 2018-yildagi qonunchilik asoslaridan boshlanib, 2021-yilda Sirdaryo viloyatida pilot loyiha sifatida amaliyotga kiritildi. Demak, raqamlashtirish shunchaki “zamonaviy ko‘rinish” emas. U tibbiyotda qaror qabul qilishni ma’lumotga, nazoratni aniq mezonlarga, xizmatni esa bemor ehtiyojiga yaqinlashtirish vositasidir.

Umuman olganda, O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi – faqat ortga qarab, erishilgan natijalarni sanaydigan sana emas. Bu, ayni paytda, kelgusi marralarni belgilaydigan palla. Zero, tibbiyotda amalga oshirilayotgan islohotlarning mohiyati bugungi natijalar bilan cheklanib qolmaydi. Ularning asl maqsadi – inson salomatligini muhofaza qilishning yanada samarali, zamonaviy va aholi uchun qulay tizimini shakllantirishdir.
Bugun tibbiyot sohasida yaratilayotgan yangi imkoniyatlar, zamonaviy texnologiyalar, raqamli xizmatlar va hududlarda kengayib borayotgan yuqori malakali tibbiy yordam, avvalo, inson qadrini yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Eng muhimi, bu jarayonda tibbiyotning markazida muassasa yoki texnologiya emas, inson va uning salomatligi turibdi.
Albatta, oldinda hali qator vazifalar bor. Tibbiy xizmat sifatini yanada oshirish, uni barcha uchun birdek qulay va hamyonbop qilish, profilaktika va erta diagnostika samaradorligini kuchaytirish, malakali tibbiy kadrlar salohiyatini yuksaltirish, zamonaviy texnologiyalarni hududlarga yanada keng joriy etish – yangi bosqichdagi islohotlarning muhim yo‘nalishlari bo‘lib qoladi.
Muharram DADAXO‘JAEVA,
“Adolat” SDP Toshkent shahar kengashi raisi,
Yunusobod tumanidagi 50-oilaviy poliklinika mudiri.
O‘zA