Moliyaviy jarima – jazo emas, balki rag‘batlantirish vositasiga aylanmoqda
Tadbirkor belgilangan muddatda jarimaning yarmini to‘lasa, qolgan qismi bekor qilinadi.
2026-yil 15-aprelda Davlatimiz rahbarining “Moliyaviy jarimalarni qo‘llash tartibini yanada liberallashtirish va sud nazorati samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha choralar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Mazkur qarorda moliyaviy jarimalarni liberallashtirish ko‘zda tutilgan. Xo‘sh, bu nimaga xizmat qiladi?

Toshkent shahar sudi raisining o‘rinbosari - iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Ibrohim Alimov shu savolga javob berdi:
– Prezidentimizning mazkur qarori tadbirkorlik muhitini yaxshilash, davlat nazoratini optimallashtirish va sud himoyasini kuchaytirishga qaratilgan muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
Mazkur hujjat mazmun-mohiyati jihatidan davlat va biznes o‘rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Qarorda asosiy e’tibor moliyaviy jarimalarni qo‘llash amaliyotini soddalashtirish, uni insonparvar va iqtisodiy jihatdan maqbul mexanizmlar bilan boyitishga qaratilgan.
Ilgari jarimalar ko‘p hollarda jazolovchi xususiyatga ega bo‘lib, tadbirkorlar uchun qo‘shimcha moliyaviy bosim manbai hisoblanar edi. Yangi tartib esa jazo emas, balki rag‘batlantirish tamoyilini ustuvor etib belgiladi.
Qarorga muvofiq, tadbirkorlarga jarimalarni ixtiyoriy to‘lashning qulay variantlari taqdim etilmoqda. Agar tadbirkor belgilangan muddatda jarimaning yarmini to‘lasa, qolgan qismi bekor qilinadi.
Jarimani olti oy davomida teng miqdorlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratildi. Bu esa, biznes sub’ektlari uchun moliyaviy yukni sezilarli darajada kamaytiradi va ularni qonunga ixtiyoriy ravishda amal qilishga undaydi.
Bunday yondashuv xalqaro amaliyotda ham o‘z samarasini ko‘rsatgan. Masalan, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining (OECD) tavsiyalarida ixtiyoriy ijroni rag‘batlantirish orqali davlat va biznes o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlash mumkinligi ta’kidlanadi. Shuningdek, Jahon banki tahlillarida ham ortiqcha ma’muriy jazolarning kamaytirilishi kichik va o‘rta biznes rivojiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi qayd etilgan.
Qaror bilan tadbirkorlik sub’ektlari huquqlarini himoya qilishda yana bir prinsipial ahamiyatga ega bo‘lgan yangi kafolat joriy etildi. Unga ko‘ra, agar vakolatli organ tomonidan qo‘llangan moliyaviy jarima sud tomonidan bekor qilinsa yoki haqiqiy emas, deb topilsa, undirilgan mablag‘lar 15 kun ichida qaytarilishi shart.
Eng muhimi, agar ushbu muddat buzilsa, tadbirkorga kechiktirilgan har bir kun uchun foiz to‘lanadi. Bu norma davlat organlari mas’uliyatini oshirish bilan birga, tadbirkorlar uchun real moliyaviy himoya mexanizmlarini yaratadi.
Bunday yondashuv xalqaro amaliyotda “state liability” (davlat javobgarligi) tamoyili sifatida keng qo‘llaniladi. Masalan, Yevropa davlatlarida, xususan, Germaniya va Fransiyada ma’muriy organlar tomonidan noto‘g‘ri undirilgan mablag‘lar faqat qaytarilibgina qolmay, ular uchun foiz yoki kompensatsiya ham to‘lanadi. OECD hisobotlarida qayd etilishicha, aynan shunday mexanizmlar davlat organlarini qaror qabul qilishda ehtiyotkorlikka undaydi va huquqbuzarliklar sonini kamaytiradi.
O‘zbekistonda mazkur tartibning joriy etilishi tadbirkorlar uchun ishonchli huquqiy muhitni shakllantirishga xizmat qiladi. Endi tadbirkorlar asossiz jarimalardan nafaqat sud orqali himoyalanadi, balki ko‘rilgan moliyaviy zararni ham qoplash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu esa, davlat va biznes o‘rtasidagi munosabatlarda adolat va tenglik tamoyillarini mustahkamlab, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Qarorning yana bir muhim jihati – sud nazoratining kuchaytirilishi va uning amaliy mexanizmlar bilan ta’minlanishidir. Endi tadbirkorlar vakolatli organ qarorlaridan onlayn tarzda sudga shikoyat qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Eng muhimi, sud ishni ko‘rib chiqish uchun qabul qilgan paytdan boshlab jarima ijrosi avtomatik ravishda to‘xtatiladi. Bu esa, tadbirkorlarning huquqiy himoyasini real va ta’sirchan instrumentga aylantiradi.
Qarorda raqamlashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. 2027-yildan boshlab moliyaviy jarimalarning yagona elektron reyestri joriy etilishi belgilangan. Ushbu reyestrga kiritilmagan qarorlar haqiqiy emas, deb hisoblanishi – huquqiy shaffoflikni ta’minlashda mutlaqo yangi yondashuvdir. Bu orqali inson omili kamayib, qaror qabul qilish jarayonlari ochiq va nazoratga yaqinlashadi.
Qator rivojlangan davlatlar tajribasiga nazar solsak, moliyaviy jazolarni liberallashtirish samarali natijalar bergan. Masalan, Buyuk Britaniyada soliq organi (HMRC) tomonidan ixtiyoriy xatoni tan olgan biznesmenlarga jarimalar sezilarli darajada kamaytiriladi. Bu ixtiyoriy to‘lovlar ulushi oshishiga ta’sir qilmoqda.
Singapurda “trust-based regulation” modeli keng qo‘llanilgan bo‘lib, qonunbuzarlik birinchi marta sodir etilsa, qattiq jazo emas, balki ogohlantirish ustuvor bo‘ladi. Mazkur yondashuv mamlakatni biznes uchun eng qulay yurisdiksiyalardan biriga aylantirgan.
Umuman olganda, mazkur qaror nafaqat huquqiy, balki iqtisodiy jihatdan ham katta ahamiyatga ega. U mamlakatda investitsiya muhitini yaxshilash, biznes yuritishni yengillashtirish va tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirishga xizmat qiladi.
Ushbu islohotlar uzoq muddatda iqtisodiy o‘sishga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, tadbirkorlik faoliyati uchun qulay shart-sharoit yaratadi. Natijada yangi ish o‘rinlari paydo bo‘ladi, soliq tushumlari ortadi va iqtisodiyot diversifikatsiyasi tezlashadi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, mazkur qaror davlat boshqaruvi va iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashda yangi falsafaning namoyon bo‘lishidir. Uning markazida tadbirkor manfaati, adolat va shaffoflik turibdi.
Norgul Abduraimova, O‘zA