Ish haqini kechiktirganlik uchun kompensatsiya to‘lash tartibi belgilanmoqda
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida mehnat munosabatlarini takomillashtirish, xodim va ish beruvchilar o‘rtasidagi mehnatga oid munosabatlarning o‘zaro manfaatli tizimini yaratish, shuningdek, bandlik organlari hamda ish beruvchilar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Qonun loyihasida fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta’minlash, bandlik organlarini ish beruvchilarning hamkoriga aylantirish, ish beruvchi va xodimlar uchun qulayliklar yaratish maqsadida mehnat munosabatlarini rasmiylashtirishni raqamlashtirish, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, norasmiy bandlikni qisqartirish va mehnat munosabatlarida xalqaro standartlarni joriy etish kabi masalalar o‘rin olgan.
Fraksiya a’zolari muhokamalar davomida mazkur qonun loyihasi partiya elektorati manfaatlariga bevosita daxldor ekanini qayd etib, bir qator takliflar va fikrlar bildirdi. Jumladan, deputat Sh.Ahmedov ish beruvchilarga nisbatan belgilanayotgan jarimalar kimlarga tatbiq etilishi va ularning amaldagi qo‘llanilishi yuzasidan aniqlik kiritishni so‘radi. Qonun tashabbuskorlari esa yangi normalarga muvofiq fuqarolar ham ish beruvchi sifatida qatnashishi mumkinligini va javobgarlik shu doirada belgilanishini izohladi.
Loyihaga ko‘ra, ish haqini kechiktirganlik uchun kompensatsiya to‘lash tartibi o‘z aksini topmoqda. Ushbu norma yuzasidan fraksiya a’zosi Anvarxon Temirov ayrim sohalarda ish haqini hisoblash jarayoni bir necha kun talab qilishini, shu bois yangi norma tadbirkorlarga qo‘shimcha qiyinchilik tug‘dirmasligi kerakligini ta’kidladi. Bunga javoban kompensatsiya faqat qonunda belgilangan muddatlar buzilgan taqdirdagina hisoblanishi, shu orqali tadbirkorlar manfaatlari ham inobatga olinayotgani aytib o‘tildi.
Shuningdek, yig‘ilishda “Faxriylar to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ham ko‘rib chiqildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA