Mohir fotorassom Abdug‘ani Jumayevning mahorat maktabi
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tashabbusi bilan Milliy matbuot markazida taniqli fotojurnalist va fotorassom, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi a’zosi Abdug‘ani Jumayev ishtirokida mahorat maktabi bo‘lib o‘tdi.
Unda OAV vakillari, talabalar, yosh ijodkorlar hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etib, fotojurnalistika sirlari va kasbiy mahoratni oshirish borasida qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘ldi.
Mashg‘ulot davomida kadr tanlash, voqea-hodisalarni xolis aks ettirish, oddiy manzaradan mazmunli hikoya yaratish hamda fotosuratda badiiy ifoda va hayotiy haqiqat uyg‘unligini ta’minlash masalalariga e’tibor qaratildi. Ustoz o‘zining ko‘p yillik ijodiy tajribasi va kasbiy faoliyatiga oid fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.
Abdug‘ani Jumayev ijodida O‘zbekistonning mustaqillik yillaridagi muhim ijtimoiy-siyosiy va madaniy jarayonlar, bunyodkorlik ishlari, milliy qadriyatlar, Navro‘z bayrami manzaralari hamda san’at namoyandalarining obrazlari alohida o‘rin tutadi.
Ustoz fotograf – o‘z ishining haqiqiy ustasi, har bir lahzani san’at asariga aylantira oladigan mohir ijodkor. U hayotning ham oddiy, samimiy, betakror va eng go‘zal onlarini tasvirga muhrlab, har bir suratga o‘zgacha nafosat, samimiyat va ma’no bag‘ishlaydi. Uning ijodida har bir kadr – alohida bir hikoya, har bir surat esa unutilmas xotira. Abdug‘ani Jumayev nafaqat go‘zallikni tasvirga oladi, balki uni inson qalbiga yetkaza biladi. Uning mahoratli nigohida oddiy lahzalar ham betakror san’atga aylanadi.
Ijodkorning «Bunyodkorlik eposi» («Epopeya sozidaniya») fotoko‘rgazmasida Hazrati Imom majmuasi, Xalqaro forumlar saroyi va «Bunyodkor» stadioni kabi yirik inshootlarning qurilish jarayonlari, xalq mehnati va yurt obodligi yo‘lidagi bunyodkorlik ishlari aks etgan. Shuningdek, u milliy san’at namoyandalari, jumladan, Munojot Yo‘lchiyevaning portret suratlari bilan ham tanilgan.
[gallery-31981]
Mahorat maktabida fotojurnalist uchun texnik bilimlar bilan bir qatorda kuzatuvchanlik, xolislik, mas’uliyat va ijodiy tafakkur ham muhim ekani ta’kidlandi. Zero, ta’sirchan surat — muayyan davr, inson va voqelik haqida hikoya qiluvchi muhim vizual manbadir.
Tadbir yosh jurnalistlar va talabalarga tajribali ustoz bilan muloqot qilish, bilimlarini boyitish va kasbiy mahoratini oshirish imkonini berdi.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tomonidan tashkil etilayotgan bunday mahorat maktablari yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash, tajriba almashinuvini rivojlantirish va milliy jurnalistika an’analarini davom ettirishga xizmat qiladi.
N.Usmonova,
S.O‘rmonov (surat),
O‘zA