Eng go‘zal, eng jozibali til
21-oktabr – O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun
Tilning go‘zalligi albatta bu tilda qancha ko‘p odam so‘zlashishi bilan o‘lchanmaydi. Shu jihatdan olib qaraganda, o‘zbek tili ham dunyodagi eng go‘zal tillardan hisoblanadi. Agar bunga misol keltirish kerak bo‘lsa, menimcha, bu misollarning oxiri bo‘lmaydi. Bunda birgina o‘zbek adabiyotida tuyuq janrining mavjudlgini aytish kifoya qiladi. Bilasiz, bu janr ma’nosi har xil, ammo aytilishi va yozilishi bir xil so‘zlar asosiga quriladi.
Masalan, ushbu tuyuqqa e’tibor bering:
O‘ziga chorlaydi g‘arq pishgan olma,
Xuddi deyotganday: “ Tortinma, ol, ma”.
Ammo uzmoqqa hech qiymagay ko‘zim:
“Nafsingga hech qachon erk berma, olma!”
Bu yerda “olma” so‘zi uch xil, ya’ni meva; olmani berish hamda olmani olmaslik ma’nolarida keladi. Bundan tashqari, tilimizdagi sinonimlarga, ma’nosi bir xil, ammo yozilishi har xil so‘zlarga e’tibor beradigan bo‘lsak, birgina yig‘lamoq so‘zining bir necha shakllari borligi ma’lum bo‘ladi.

Askiya janrini olaylik. Unda bir fikr aytiladi. Lekin tomoshabinlar bu fikrga emas, undan kelib chiqadigan boshqa bir ma’noga kulishadi. Bu janr ham boshqa xalqlarda yo‘q.
Bizning kino sohamizda dublyaj san’ati ham azaldan yuksak cho‘qqiga ko‘tarilgan. Bu fakt ham tilimizning naqadar eshitimli va beqiyosligidan darak beradi. Axir bu tilda Beruniy, Ibn Sino, Jaloliddin Manguberdi, Temur Malik, Amir Temur, Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Mashrab, Nodira, Uvaysiy kabi buyuk alloma,sarkarda, olim va shoirlarimiz gapirgan, davlat ishlarini olib borgan, ijod qilishgan.

Ammo shunday betakror, go‘zal tilimiz sobiq ittifoq davrida uzoq yillar davlat tili maqomini olmagan edi. Faqat 1989-yilning oktabr oyiga kelib, o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berildi. Albatta, bu muvaffaqiyatga erishishimiz oson kechmadi. O‘sha paytda yurtimizdagi gazeta, jurnal, radio va televideniyelarda to‘xtovsiz bahs, munozaralar bo‘lib o‘tdi.
Yurtdoshlarimiz miting va namoyishlarda ishtirok etib, ona tilimizga davlat maqomi berilishini hukumatdan qattiq turib talab qilishdi. Bu kurashlar natijasiz bo‘lmadi va o‘zbek tiliga oxir-oqibat davlat maqomi berildi. Bu mustaqillikka erishishimiz yo‘lida qo‘lga kiritilgan ilk g‘alabalarimizdan biri bo‘ldi. Xalqimiz mustaqillikni qo‘lga kiritgandan so‘ng esa ona tilimizga bo‘lgan e’tibor yanada oshdi. Uning obro‘yini oshirish yuzasidan Prezidentimiz tomonidan ko‘plab farmon, qarorlar chiqarildi, islohotlar amalga oshirildi. Hatto xorijda ham tilimizga bo‘lgan e’tibor va qiziqish kuchaydi. O‘zbek yozuvchilarining asarlari turk, ingliz, fransuz va boshqa tillarga tarjima qilindi.

Lekin bugun tilimizga bo‘lgan hurmat, e’tiborimizni barcha jabhalarda namoyon eta olyapmizmi? Uning sofligi uchun jon kuydirayapmizmi? Afsuski, bu savollarga bir ovozdan, baralla ”Ha!” deb javob berolmaymiz. Chunki bu borada yutuqlarimiz bilan bir qatorda kamchilik va nuqsonlar ham bor. Hatto ayrim yurtdoshlarimiz ota-onalarimiz e’zolab qo‘ygan ismlarni ham yarim-yorti, chala-chulpa tarzda talaffuz qilishadi. Masalan, Baxtiyorni Baxti, Habibulloni Habi, Muhammadni Muha, Shorahmatni Sho, Abdusamadni Apsamat, Ziyodullani Ziyo deb ataymiz va chaqiramiz. Bundan tashqari, ba’zilarimiz bilib-bilmagan holda juda ko‘p xorijiy so‘zlarni qo‘shib gapiramiz. Tilimizning sofligiga yaxshi e’tibor bermaymiz.
Agar ayrim savdo do‘konlari va firmalar peshtoqlaridagi nomlarga ko‘z tashlasak, ular o‘zbek tilida emas, negadir xorijiy tillarda yozilganiga guvoh bo‘lamiz. Bu holat, afsuski, hali ham kamaymayapti. Bundan tashqari, nimagadir ko‘pchilik ”x” bilan ”h” harflarini talaffuz qilish va yozishda xatolarga yo‘l qo‘yishadi. Bu xatolar hatto gazeta sahifalariyu televideniyedagi titrlarga ham ko‘chib o‘tmoqda, shahar ko‘chalaridagi reklamalarda aks etmoqda. Mazkur xato kirilcha yozuvda unchalik sezilmasa-da lotin yozuvida “mana men” deb ko‘rinib turadi.

Albatta, sal e’tiborliroq bo‘lsak, bu xatolarni tuzatish uncha mushkullik tug‘dirmaydi. Shuningdek, har birimiz tilimizni sevsak, uning sofligi, to‘g‘ri yozilishi va talaffuzi uchun kurashsak, kutilgan natijaga erishamiz. Endi e’tiboringizga ona tilimiz - o‘zbek tiliga bag‘ishlangan quyidagi to‘rtliklarni havola etmoqchiman.
1
Ona til o‘rnini hech til bosolmas,
Bu tilni xor qilgan unib-o‘solmas.
Unda mujassamdir bugun, kelajak,
Uningsiz hech bir xalq uzoq yasholmas.
2
Til ham parvarishga, mehrga zordir,
E’tiborsiz qolsa, u abgor, xordir.
Uni qattiq sevib, avaylagan xalq
boshida har doim baxt qushi bordir.
3
Ona tilim g‘oyat shevalarga boy,
Bu hol tilimizga baxsh etar chiroy.
Har bir shevaning bor o‘z jozibasi.
Go‘yo ko‘kda porlar quyosh, yulduz, oy.
4
Tilimiz shirindir xuddi bol kabi,
Juda xam go‘zaldir gul, ayol kabi.
Bir tinglagan yana tinglasam deydi,
Imkoni cheksizdir o‘y, xayol kabi.
5
Yuksakka ko‘tarsa, tilim ko‘targay,
Shu tilda olganim – bilim ko‘targay.
Bu til xaloskorim, suyanchim mening,
Eng og‘ip damda xam ko‘nglim ko‘targay.
6
Yurtimdan olisda yurgan chog‘imda,
Eshitilib qolsa gar qulog‘imga,
Cheksiz bir halovat, huzur tuyarman,
Tilimni yanada kattiq suyarman.
Turob NIYOZ,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir