Mo‘g‘uliston delegatsiyasi Yuqori Chirchiqdagi quyosh stansiyasi faoliyati bilan tanishdi
Energetika vazirligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, 27 yanvar kuni Mo‘g‘uliston Bosh vaziri o‘rinbosari Dorjxand Togmid boshchiligidagi delegatsiya Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanidagi quyosh fotoelektr stansiyasiga tashrif buyurdi.
Delegatsiya a’zolari Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi tomonidan qurilgan 200 MVt quvvatga ega quyosh fotoelektr stansiyasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Tashrif davomida qayd etilganidek, delegatsiyaning asosiy maqsadi O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish va ushbu sohada amalga oshirilayotgan islohotlarni o‘rganishga qaratildi.
“ACWA Power” kompaniyasining O‘zbekistondagi rahbari Jon Zaidi delegatsiya a’zolariga kompaniyaning mamlakatimizdagi investitsiya loyihalari, ularning istiqbollari hamda bu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Tashrif energetika sohasida xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlash va umumiy maqsadlarni muvofiqlashtirishga qaratilgan muhim qadam sifatida e’tirof etildi.
N.Ziyodullayeva tayyorladi,
O‘zA