Modesto Gavatssi xotiralari: Buxoro ipakchilari italiyalik tadqiqotchini qanday hayratda qoldirgan edi?
1863-yilda Buxoroga kelgan italiyalik Modesto Gavatssi mahalliy ustalarning yog‘och va qamishdan yasalgan dastgohlarda Xitoynikidan ancha pishiq bo‘lgan yuqori sifatli ipak tolasi ishlab chiqarish sirlarini yozib qoldirgan.
Buxoro amirligining iqtisodiy va xo‘jalik hayotini kuzatgan xorijlik mutaxassislar orasida to‘qimachilik sohasiga ixtisoslashgan olimlarning qaydlari alohida ilmiy qimmatga ega. XIX asrning ikkinchi yarmida Yevropa ipakchilik tarmog‘i pilla kasalliklari tufayli chuqur inqirozga yuz tutdi. Shunday sharoitda Milan savdo doiralari vakili sifatida mintaqaga kelgan tadqiqotchi Modesto Gavatssi Zarafshon vodiysidagi pillachilik va ipak ishlab chiqarish jarayonini sinchkovlik bilan o‘rgandi. U o‘zining 1865-yilda Milanda chiqqan “Buxoroga sayohat davomida to‘plangan ba’zi ma’lumotlar” nomli asarida aholining tabiat bilan uyg‘unlashgan xo‘jalik tajribasi, tut parvarishidagi o‘ziga xos farqlarni nihoyatda nozik tafsilotlari bilan qayd etgan. Ushbu guvohlik o‘zbek hunarmandchilik an’analarining murakkab texnikasiz ham yuqori sifatli mahsulot yarata olganini ko‘rsatadi.
Modesto Gavatssi shahar atrofidagi qishloqlarni kezib, eng avvalo tut daraxtlarining ikki xil maqsadda ekilishi va parvarishlanishiga e’tibor qaratgan. Bog‘lardagi ulkan, payvand qilingan tutlar qurt boqish uchun emas, balki aholining erta bahordagi asosiy meva zaxirasi sifatida asralgan. Ipak qurti uchun esa ariq va kanallar bo‘yida o‘suvchi, mahalliy aholi tilida “tuti donador” deb atalgan yovvoyi navlarning barglari va yosh novdalari yig‘ib olingan. Bunday taqsimot puxta xo‘jalik hisob-kitobidan kelib chiqqan. Bahorgi tabiiy namlikka to‘yingan yovvoyi tut barglari dag‘allashmay, qurtning ichki tola to‘qish qobiliyatini oshirgan va kasallanish xavfini keskin kamaytirgan.
Xonadonlarda pilla boqish jarayoni ham ko‘p asrlik amaliy tajribaga tayangan. Pillapoyalardagi haroratni bir maromda saqlashda to‘g‘ridan-to‘g‘ri olov emas, balki pol sathiga o‘rnatilgan sandallar ichidagi cho‘g‘ taftidan foydalanilgan. Bu usul xona havosini haddan tashqari quritmay, uzilgan tut barglarining tez so‘lib qolishiga yo‘l qo‘ymagan. Hosil yig‘ishtirib olingach, Buxoro shahrining tim va rastalarida ulkan iqtisodiy harakat boshlangan. Gavatssi shahar bozorini bevosita kuzatib, pilla sotuvi avj olgan o‘n besh – yigirma kun davomida har kuni besh mingdan olti ming oltin tangagacha bitimlar tuzilganini alohida qayd etadi. Bu ko‘rsatkich voha iqtisodiyotida ipakchilik tijoriy hayotni harakatlantiruvchi asosiy omillardan biri bo‘lganidan dalolat beradi.
Italiyalik mutaxassisning diqqatini eng ko‘p tortgan jarayon Buxoro ustaxonalaridagi tolani chuvish va yigirish usuli bo‘ldi. Muallif o‘z xotiralarida yozishicha, bu yerdagi barcha uskunalar yog‘och, sopol, suyak va qamish kabi oddiy ashyolardan nihoyatda mukammal uyg‘unlikda yasalgan. Qaynoq qozondan chiqayotgan tola avval sopol teshikchadan, so‘ng maxsus suyak ilmoq orqali charm tasmali g‘ildirak yordamida aylantiriluvchi qamish g‘altakka yo‘naltirilgan. Bu jarayonda uch nafar usta yagona va uzluksiz mehnat taqsimoti asosida ishlagan. Birinchi usta qozondagi g‘o‘zalarni boshqarib tola uchlarini ulab turgan bo‘lsa, ikkinchisi ipni siqib, nam holida naychaga tarang o‘ralishini nazorat qilgan. Uchinchi ishchi esa charm tasma vositasida aylanma harakat tezligini muttasil boshqarib borgan.
Yer osti hujrasida joylashgan to‘quv dastgohining yotiq emas, balki tik aylanish mantig‘iga asoslangani tadqiqotchida katta qiziqish uyg‘otgan. Gavatssi ushbu tuzilmaning zohiran jo‘nligiga qaramay, unda olingan tola mustahkamlik va jilo jihatidan o‘sha davrdagi Xitoy ipagidan ancha yuqori turganini, ayrim xususiyatlari bilan yapon tolasiga tenglashganini ta’kidlaydi. Mana shunday mahorat tufayli Buxoro ustalari mintaqada eng mohir tola chuvuvchi va yigiruvchi mutaxassislar sifatida dovrug‘ qozongan. Ular Qo‘qon, Xiva va hatto Kashmirdagi to‘quvchilik markazlariga maslahatchi hamda bosh usta sifatida taklif etilgan.
Buxoro amirligining savdo muomalasida ipak mahsulotlari markaziy o‘rin tutgan. Har yili yetishtirilgan o‘n bir ming toy (hozirgi o‘lchovlarda taxminan 900 tonna) ipak xomashyosining salmoqli qismi mahalliy ustaxonalarda qayta ishlanib, nafis adras, shoyi va beqasam matolarga aylantirilgan. Modesto Gavatssi ana shu matolardan tikilgan zarbof to‘nlarning tashqi bozorlarda nihoyatda xaridorgir bo‘lganini bildiradi. Shaharga qatnovchi, birorta ham temir mix ishlatilmay, butunlay yog‘och payvandlar bilan yasalgan ulkan aravalar esa voha muhandislik tafakkuri nafaqat nozik to‘qimachilikda, balki og‘ir yuk tashish vositalarini yaratishda ham puxta yechimlarga ega bo‘lganini ko‘rsatadi.
Xulosa qilib aytganda, XIX asr yozma manbalari Buxoro hunarmandchilik madaniyatining boy amaliy tajribaga tayanganini bayon etadi. Xorijlik mutaxassis kuzatuvlarida ham aks etgan mazkur tarixiy haqiqat milliy hunarmandchilik an’analari chuqur ildizlarga ega ekanini namoyon etadi.
Alisher Egamberdiyev tayyorladi.
O‘zA