Ustozga ehtirom, shogirdga e’tibor
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida 1-oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan «Sahhof» va «Adabiyot» nashriyotlari tomonidan chop etilgan «Ustozlarga ehtirom» kitobi hamda ijod maktablari o‘quvchilarining «Mening birinchi kitobim» loyihasi doirasida nashr etilgan kitoblar taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda ustoz-shogird an’anasi, yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning adabiy salohiyatini yuzaga chiqarish hamda ilk ijod namunalarini kitob holida nashr etishning ahamiyati alohida ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbarining 2025-yil 30-yanvardagi «O‘zbekiston — 2030» strategiyasini «Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot» yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risidagi Farmonida ijod maktablari o‘quvchilarini qo‘llab-quvvatlash, ularning ijodiy salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan qator vazifalar belgilab berilgan.

Shu vazifalar ijrosi doirasida 2026-yil 6–9-iyul kunlari Jizzax viloyatida iste’dodli yosh ijodkorlarning an’anaviy «Zomin seminari» o‘tkazildi.
Seminarda farmonda belgilangan vazifalardan kelib chiqib, ulug‘ adiblarimiz nomlari bilan ataladigan 9 ta ijod maktabining har biridan 5 nafardan — jami 45 nafar ijodkor o‘quvchining ishtiroki ta’minlandi. Yosh qalamkashlarning ijod namunalari ustoz ijodkorlar tomonidan o‘rganilib, ularning adabiy izlanishlari va kelgusidagi ijodiy imkoniyatlari muhokama qilindi.

Shuningdek, «Mening birinchi kitobim» loyihasi doirasida har bir ijod maktabidan kamida ikki nafar o‘quvchining ijodiy ishlari to‘plamini nashr etish vazifasi belgilangan edi. Seminar davomida har bir ijod maktabidan 2 nafardan — jami 18 nafar iste’dodli o‘quvchining ijod namunalari kitob holida nashr etish uchun tavsiya qilindi.
Bugungi taqdimot ana shu ezgu tashabbusning amaliy natijalaridan biri bo‘ldi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan «Mening birinchi kitobim» loyihasi doirasida 18 nafar yosh ijodkorning ilk kitoblari nashrdan chiqarildi.

Jumladan, Nurmuhammad Hasanovning «Ibodat», Hanifaxon Sultonamirovaning «Taxmin», Hikmatbek Boyqobilovning «Kuy», Lazizabonu Ziyodullayevaning «Umid qo‘shig‘i», Farangiz Muhammadaliyevaning «Umid», Husnirabonu Sobirovaning «Izhor», Charos Islomovaning «Tilak», Dilnoza Eshqulovaning «Iltijo», Muqaddas Oqbo‘tayevaning «Tong oldi», Azizbek Shaymurzayevning «Maktub», Rayhan Bekbauliyevaning «Sыyqыrlы kitapxana», Begzad Erejepovning «Qayta tirilish», Diyora Najmiddinovaning «So‘nggi parvoz», Mushtariybonu Rahimjonovaning «Bahor nafasi», Mubina Sharipovaning «Yoshlik bog‘i», Zilola G‘ofurjonovaning «Nihol», Go‘zal Botirovaning «Sukunat simfoniyasi» hamda Mohinur Ro‘zimatovaning «Yurak amri» nomli kitoblari o‘quvchilar hukmiga havola etildi.
Bu kitoblar yosh qalamkashlarning adabiyot olamiga qo‘yayotgan ilk mustaqil qadamlari, ularning orzu-umidlari, kechinmalari va badiiy izlanishlarini mujassam etgan qimmatli ijodiy to‘plamlardir.

Tadbir doirasida bayram arafasida nashr etilgan yana bir muhim kitob — «Ustozlarga ehtirom» majmuasining taqdimoti ham o‘tkazildi. Ushbu to‘plam insoniyatni jaholatdan nur va ma’rifat sari yetaklab kelgan, avlodlarga ilm va tarbiya, ezgulik va ma’naviyat sabog‘ini bergan ustozlarga bag‘ishlangan.
Kitobdan turli davrlarda yashab, ijod qilgan zamonaviy o‘zbek adabiyoti vakillarining ustozlik sharafini ulug‘lovchi ijod namunalari o‘rin olgan.
«Ustozlarga ehtirom» kitobining bayram arafasida o‘qituvchilar e’tiboriga havola etilishi ramziy ma’noga ega. Zero, adabiyotda ham, hayotda ham ustoz va shogird munosabati avlodlar o‘rtasidagi ma’naviy rishtalarni mustahkamlaydi. Bugun ilk kitobini qo‘liga olgan yosh ijodkorlarning ertangi adabiy kamoloti zamirida ham ularga yo‘l ko‘rsatgan ustozlarning mehnati, ishonchi va duosi mujassam.
Taqdimot marosimida ustoz ijodkorlar yosh qalamkashlarni samimiy qutlab, ularga ilk kitoblarini topshirdilar. Yosh ijodkorlarga kelgusidagi ijodiy izlanishlarida muvaffaqiyat tilab, kitob o‘qish va mutolaa madaniyatini yanada yuksaltirish, adabiyotga sadoqat bilan xizmat qilish muhimligi ta’kidlandi.
«Mening birinchi kitobim» – ilk qadam. «Ustozlarga ehtirom» esa ana shu qadamlarni ma’rifat va adabiyotning uzviy an’analari bilan bog‘lab turuvchi ma’naviy ko‘prik.
Tadbir ustoz-shogird an’anasining bardavomligi, yosh iste’dodlarga e’tibor va milliy adabiyotimiz kelajagiga ishonch ruhida o‘tdi.
N.Usmonova,
O‘zA