Mitti yuraklarga berilgan ikkinchi hayot va o‘zbek shifokorlarining xalqaro darajadagi mahorati
Prezident tashabbuslari – amalda
Ularga O‘zbekistonda bunday jarrohlik amaliyotini o‘tkazishga imkon yo‘qligini, yagona chora chet elga borish ekanini aytishdi. Bolasining dardiga shifo istab yurgan ota-onaning bu gapni eshitgandan keyingi holatini tasavvur qila olmaysiz. Bu yosh oilaning boshiga tushadigan og‘ir sinovlarning boshlanishi edi.
Sinovning og‘irligi shundaki, bunda masala birgina katta mablag‘ni topish bilan hal bo‘lmaydi. Muammo zanjir halqalariday bir-biriga bog‘lanib ketadi.
Endi tashvishli oila avval yillar davomida yiqqan-terganini, minib yurgan mashinasini sotadi. Eng alamlisi, bu paytda vaqt kutib turmaydi. Bolaning ahvoli soat sayin og‘irlashadi, pul esa yana yetmaydi. Shunda qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shniga murojaat qilishga majbur bo‘lishadi. Odamlardan yordam so‘rash, sarg‘ayib kutishning og‘rig‘ini faqat boshiga ish tushgangina biladi.
Endi o‘sha “xalqa”ning keyingisiga o‘tamiz. Og‘ir yotgan, tanasida darmoni qolmagan bolakayni uzoqlarga olib borishning o‘zi bir azob. Samolyotda, aeroportlarda bemorning ingrab qiynalishi onaning bag‘rini tiladi. Ustiga-ustak boshqa farzandlarning uyda qarovsiz qolishi, oilaning to‘zib ketishi masalani yanada murakkablashtiradi.

Boshqa davlatga borgach, o‘sha yerning tosh-tarozisini o‘rganish ham oson yumush emas. Begona shahar, begona odamlar va tushunarsiz til. Shifokor bolaning ahvoli haqida muhim gapni aytyapti. Uni faqat tarjimon orqali, xavotir bilan tushunishga majbur bo‘lish ham oson emas.
Har bir hujjat, vizani uzaytirish, ijara uy topish va hatto yarim kosa issiq ovqat ham katta xarajatga aylanadi. Notanish qoidalar va qonunlar ichida gangib yurish odamning sillasini quritadi.
Bu hikoya surxondaryolik bemor bolakayning otasiga tegishli. Nabijon aka bilan poytaxtimizdagi Bolalar milliy tibbiyot markazining shinam va yorug‘ yo‘lagida suhbatlashib qoldik.
– Bu voqeaga yetti-sakkiz yil bo‘ldi, – deydi Nabijon Oltibekov. – O‘shanda qo‘shnim og‘ir dard bilan kurashayotgan qizchasini olib avval Hindiston keyin Turkiyaga borib kelgandi. Hozir o‘g‘limning shirin bo‘lib, dardni unutib uxlayotganini ko‘rib o‘sha hayotiy hikoya esimga tushib ketdi. Farzandimning o‘zimizda shifo topganiga shukr deyman. Bu yerda ko‘pchilik bilan gaplashdim. Qo‘shni davlatlardan kelganlar ham bor. Davolash usullari eng zamonaviy texnologiyalar asosida ekani ko‘ngilga taskin beradi. Narxi ham juda qimmat emas, sharoitlari zo‘r. Bolamning yuragiga qayta hayot bag‘ishlagan insonlardan mingdan-ming roziman.

O‘zbekiston tibbiyoti, sohada erishilayotgan natijalar, poytaxtimizdagi mana shu Bolalar milliy tibbiyot markazi haqida maqolani olis bir qishloqdan shifo izlab kelgan bir otaning hikoyasi bilan boshlagim keldi. Aslida, katta islohotlar natijasini qandaydir raqamlar, mukammal infografikalardan ko‘ra, mana shunday inson taqdiriga aloqador voqealar yanada yaqqol namoyon etadi.
Bir bolaning hayotini asrash, dardiga davo topish kabi ezgu kurashlar ortida ulkan bilim, boy tajriba, eng so‘nggi texnologiyalar va insonning cheksiz mas’uliyati turadi. Bugun Yangi O‘zbekiston tibbiyoti ana shunday ezgu va jadallashgan yangilanishlar yo‘lidan bormoqda. Ilgari xorijda bajarilgan va juda katta mablag‘, sarsonchilik talab qilgan murakkab tibbiy amaliyotlarni endi o‘z yurtimizda amalga oshirish imkoniyatlari kengaytirilmoqda.
Bolalar milliy tibbiyot markazi ana shunday muassasalardan biri sanaladi. Bu mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimidagi eng noyob megaloyihalardan biri sanaladi. Qiymati 130 million dollardan ziyod bo‘lgan ushbu tibbiyot maskani Prezidentimiz tashabbusi bilan, Janubiy Koreya Respublikasining Iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik fondi (EDCF) ishtirokida barpo etilgan.

Bu to‘liq Koreya texnologiyalari asosida qurilgan, jahon standartlariga javob beradigan to‘rtinchi darajali nufuzli shifoxonadir. To‘rtinchi darajali tibbiyot muassasasi eng murakkab, noyob va og‘ir kasalliklar aniqlanadigan hamda yuqori aniqlikdagi jarrohlik amaliyotlari o‘tkaziladigan shifo maskani demakdir.
Muassasaga 2017-yilda tamal toshi qo‘yilib, uch yil davomida zamonaviy me’yorlar asosida qurildi. 2020-yilning may oyida o‘z faoliyatini to‘liq boshladi. Markazda 280 o‘rinli, to‘rt qavatli shinam davolash korpusi va kuniga 250 nafarga yaqin bemorni qabul qilish imkoniyatiga ega zamonaviy poliklinika mavjud.
– Bu bolalar salomatligini muhofaza qilishga ixtisoslashtirilgan ko‘p tarmoqli tibbiyot muassasasi sanaladi, – deydi Bolalar milliy tibbiyot markazi direktori Baxtiyor Umarov. – O‘z yo‘nalishi va ko‘lami bo‘yicha Markaziy Osiyoda yagona loyiha sanaladi. Muassasamiz davlatimiz rahbarining shaxsiy tashabbuslari bilan barpo qilingan. Markaz ochilishida ham Prezidentimiz shaxsan ishtirok etib, oldimizga bir qancha strategik topshiriqlarni qo‘ygan edilar. Xususan, O‘zbekistonda shu paytgacha bajarilmagan eng murakkab va noyob amaliyotlarni chet elga chiqib, mukammal o‘rganish va yurtimizda joriy etish vazifasi berilgan edi. Bu aytishga oson, ammo ortida qanchadan-qancha mehnat, xarajat, muzokaralar va chuqur ilm yotibdi. Shuningdek, ushbu markazda yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlab, ularni mamlakatimizning boshqa hududlariga yo‘naltirish topshirig‘i ham olingan. Bu topshiriqlar ijrosi ta’minlanmoqda. Bugungi kunga qadar markazimizda ilgari mamlakatimizda umuman amalga oshirilmagan yuzdan ortiq noyob amaliyot turlari yo‘lga qo‘yildi va ular minglab bemor bolalarimizda muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Shifokorlar davolashning yarmi aniq va vaqtida qo‘yilgan tashxisga bog‘liqligini ta’kidlashadi. Bolaning ichki a’zolaridagi muammoni ba’zan uning tashqi ko‘rinishi yoki kayfiyatidan bilib bo‘lmaydi. Lekin tana ichida yashirin kechayotgan xastalik qanchalik erta aniqlasa, uni batamom tuzatish imkoni shunchalik yuqori bo‘ladi. Shu sababli markazga keltirilgan texnikalarni oddiy tilda “aqlli tibbiyot” deyish mumkin.

Masalan, bu yerdagi magnit-rezonans tomografiya va multispiral kompyuter tomografiyasi inson a’zolarini, suyak va qon tomirlarini hech qanday og‘riqsiz, nur yordamida qatlam-qatlam qilib, rangli va uch o‘lchamli tasvirda ko‘rsatib beradi. Zamonaviy laboratoriyadagi DNK analizatori va molekulyar diagnostika usullari esa hatto onkologik va genetik kasalliklarni bemorda hech qanday belgi namoyon bo‘lmasidan bir necha yil avval, hujayra va gen darajasida aniqlash imkonini beradi. Bu degani dard endi kuch yig‘ayotgandayoq uning oldi olinadi.
Yana bir xayrli va katta muvaffaqiyat bor. Bu vazni 10 kilogrammdan kam bo‘lgan bolalarda yurak amaliyotini o‘tkazishdir. Tasavvur qiling, 7-8 kilogramm keladigan chaqaloqning yuragi kichik bir o‘rikday keladi. Undagi qon tomirlar esa ipday nozik bo‘ladi. Ilgari bunday mitti yuraklarni operatsiya qilish uchun yurtimizda na sharoit, na uskuna va na imkoniyat bor edi. Natijada ota-onalar go‘dakni olib olis yurtlarga borishga majbur bo‘lardi. Bugun esa markazda yaratilgan kardioxirurgiya bo‘yicha mobil tibbiy uskunalar to‘plami sabab, shifokorlarimiz nafaqat Toshkent, balki yurtimizning eng chekka hududlariga borib, o‘sha yerning o‘zida mana shunday mitti yuraklarga qayta hayot bag‘ishlamoqda.
Bundan tashqari, o‘tgan qisqa davr ichida markazda ilk bor bolalarda suyak ko‘migi va jigar transplantatsiyasi, ya’ni xastalangan a’zoni yangisiga almashtirish, shuningdek, laparoskopik usulda buyrak ko‘chirib o‘tkazish kabi 100 dan ortiq noyob amaliyotlar o‘tkazildi.

Markaz xalqaro darajadagi JCI (Joint Commission International) akkreditatsiyasidan o‘tgan mamlakatimizdagi birinchi davlat tibbiyot muassasasi sanaladi. Xo‘sh, xalqaro tajribada JCI nima degani? Bu butun dunyo tibbiyotida tan olingan “oltin standart”dir. Agar shifoxona ushbu sertifikatni olsa, bu yerdagi tozalik, bemor xavfsizligi, dori-darmonlarning sifati va shifokorlarning mahorati Amerika yoki Yevropaning eng peshqadam klinikalari bilan bir xil darajada ekanini anglatadi. Demak, endi chet elliklar ham, qo‘shni davlatlar fuqarolari ham ikkilanmay Toshkentga shifo istab kela olishadi.
Bu yerga har kuni turli viloyatlar, olis qishloqlar va qo‘shni yurtlardan ota-onalar bir xil umid bilan keladi. Muassasada yiliga minglab murakkab va noyob amaliyotlarni bajarish imkoniyati yaratilgan. Bu umid va niyatlar ortida yuzlab shifokorlar, hamshiralar, tibbiyot xodimlarining kechayu kunduz qilgan fidokorona mehnati turadi.
Bu pulga chaqilganda ham, ma’naviy tomondan qaraganda ham davlatimiz va xalqimiz uchun juda katta manfaatdir. Minglab oilalar xorijda sarson bo‘lishi, mol-mulkini sotib, qarzga botishining oldi olinmoqda.
Bir paytlar davosizdek tuyulgan yoki faqat olis o‘lkalardan malham topsa bo‘ladigan og‘ir xastaliklar bugun o‘z uyimizda, o‘z tibbiyotimiz kuchi bilan tuzatilmoqda. Islohotlarning insonlar hayotida, oilalar tabassumida aks etayotgani mana shunday shukuhli bo‘ladi.
Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA sharhlovchisi