Intellektual mulk sohasini rivojlantirishga hissa qo‘shganlar ko‘krak nishoni bilan taqdirlanadi
Intellektual mulk sohasiga qo‘shgan hissa endi e’tiborsiz qolmaydi. Hukumat qarori bilan bu yo‘nalishdagi xizmatlarni qadrlovchi yangi ko‘krak nishoni ta’sis etildi. Uning ilk sohiblari kimlar bo‘ladi?
Hukumatning tegishli qarori bilan “Intellektual mulk sohasini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun” ko‘krak nishoni to‘g‘risida nizom tasdiqlandi.
2026-yil 5-sentabrda qabul qilingan nizomga ko‘ra, ko‘krak nishoni bilan mamlakatimizda intellektual mulk sohasini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shgan davlat tashkilotlari va nodavlat tashkilotlar xodimlari, xalqaro tashkilotlar vakillari hamda tadbirkorlik sub’ektlari taqdirlanadi.
Ko‘krak nishoni bilan taqdirlashga oid takliflarni ko‘rib chiqish Komissiyasi tashkil etiladi.
Komissiya tomonidan nomzodlarni ko‘krak nishoni bilan taqdirlashda quyidagilar inobatga olinadi:
Intellektual mulk sohasini rivojlantirish bo‘yicha davlat dasturlarini, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etganligi;
Intellektual mulk ob’ektlari yaratilishini qo‘llab-quvvatlash borasidagi faoliyati;
Intellektual mulk ob’ektlarining huquqiy himoyasini ta’minlashda faol ishtirok etganligi;
Jamiyatda intellektual faoliyat natijalariga hurmat hissini shakllantirishga qo‘shgan hissasi;
Intellektual mulk sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishda, shu jumladan, intellektual mulk sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar to‘g‘risida xalqaro hamjamiyatni xabardor qilishda ishtirok etganligi.
Ko‘krak nishoni har yili 26 aprel – Xalqaro intellektual mulk kuni arafasida tantanali ravishda topshiriladi.
Ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslarga BHMning 4 baravari miqdorida bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofoti beriladi.
Sherbek Islomov, O‘zA