Mirishkorlarimizning zahmatli mehnati yanada qadrlandi
Qishloq xo‘jaligi sohasida fermerlar va klasterlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning moliyaviy barqarorligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar izchil davom etmoqda.
Bugun Prezidentimiz rahbarligida Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qishloq aholisi daromadlarini ko‘paytirish hamda agrar sohani rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Yig‘ilishda paxtachilik sohasida mehnat qilayotgan fermer xo‘jaliklari va klasterlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan muhim tashabbuslar ilgari surildi. Jumladan, birjada sotilgan paxtaning har bir tonnasi uchun fermerga ham, uni sotib olgan klasterga ham 500 ming so‘mdan davlat subsidiyasi berilishi ma’lum qilindi.
Shuningdek, o‘z yerida paxta yetishtirgan klasterlarga har bir gektar uchun 1,5 million so‘mdan subsidiya ajratilishi belgilandi.
Mazkur yangilik 2026-yil hosilini yetishtirishda mehnat qilayotgan 30 mingdan ortiq fermer xo‘jaligi rahbarlari va yuzdan ziyod paxtachilik klasterlari tomonidan mamnuniyat bilan kutib olindi. Bu kabi qo‘llab-quvvatlash choralari paxta yetishtiruvchilarning daromadlarini oshirish, xo‘jaliklarning moliyaviy barqarorligini mustahkamlash va qo‘shimcha tarmoqlarni rivojlantirish uchun muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Fermerlar oldida turgan asosiy vazifalardan biri — dalalardagi paxta hosilini qisqa muddatlarda va sifatli yig‘ishtirib olish, hosildorlikni oshirish hamda davlat tomonidan taqdim etilayotgan subsidiyalardan samarali foydalanishdir.
Yig‘ilishda Andijon viloyatida qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga qaratilgan qator muhim vazifalar ham belgilab berildi.
Xususan, Ulug‘nor tumanida paxtachilikdan ozuqa ekinlariga o‘tkazilgan maydonlar hamda dala chetlaridan samarali foydalanish orqali chorvachilikni kengaytirish vazifasi qo‘yildi. Ulug‘nor va Bo‘ston tumanlarida yirik chorvachilik komplekslarini tashkil etish bo‘yicha loyihalar ishlab chiqilishi belgilandi.
Baliqchi tumanidagi tovuq go‘shti yetishtirish kompleksi tajribasi asosida Jalaquduq va Xo‘jaobod tumanlarida yangi parrandachilik loyihalari amalga oshiriladi. Ulug‘nor tumanida esa baliqchilik klasteri tashkil etiladi.
Shuningdek, Jalaquduq, Marhamat, Asaka va Andijon tumanlaridagi adir yerlarini iqtisodiy aylanmaga kiritish maqsadida alohida «Agrostar» kompaniyasini tashkil etish belgilandi.
2027-yil bahoriga qadar 4–5 ming gektar maydonga suv chiqarish va sanoatlashgan bog‘lar barpo etish, ularni uch yil davomida parvarishlab, aholiga tayyor holda topshirish taklifi ilgari surildi.
Meva-sabzavotchilik sohasida «Gektardan — maksimal qiymat» tamoyiliga o‘tish, aholiga kichik qayta ishlash uskunalarini lizing asosida taqdim etish hamda tuman brendlarini yaratishni rag‘batlantirish belgilandi. Bu orqali yetishtirilgan mahsulotlarni qayta ishlash ulushini 30 foizga, eksport hajmini esa 500 million dollarga yetkazish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Baliqchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish borasidagi ilg‘or tajribalarni respublika miqyosida ommalashtirish ham muhim vazifalardan biri sifatida belgilandi.
Belgilab berilgan vazifalarning pirovard maqsadi qishloq joylarida yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi daromadlarini oshirish, agrar sohada ishlab chiqarish samaradorligini yuksaltirish va xalq farovonligini yanada yuksaltirishdan iborat.
Zokir Allamuradov,
O‘zbekiston fermerlari kengashi bo‘lim boshlig‘i