MIB: press-tur va matbuot anjumani o‘tkazildi
Majburiy ijro byurosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasida ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar uchun press-tur va joriy yilning o‘tgan 9 oyining yakuniga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Tadbir ishtirokchilari dastlab boshqarmada murojaat qilib kelgan fuqarolar uchun yaratilgan sharoitlar, xodimlarning ish jarayoni va ularga bugungi kunda yaratilayotgan imkoniyatlar, amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar bilan yaqindan tanishdi.

Shundan so‘ng joriy yilning 9 oyining yakuniga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Boshqarma boshlig‘i R.Xalmuratov va boshqalarning ta’kidlaganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda sud va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish sohasida qator ishlar amalga oshirilmoqda.Xususan, joriy yilning o‘tgan 9 oyi davomida Byuroning Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi, shahar va tuman bo‘limlari ish yurituvida jami 555 ming 59 ta ijro hujjati bo‘lib, shundan 339 ming 624 ijro hujjati yakunlanib, amalda 202 ming 729 ijro hujjati bo‘yicha 1 trillion 292 milliard so‘m undirilishi ta’minlandi.
Shundan soliq qarzi bo‘yicha amalda 24 ming 843 ijro hujjati bo‘yicha 604 milliard so‘m, davlat bojlari bilan bog‘liq 39 ming 331 ijro hujjati bo‘yicha 32 milliard so‘m, jinoiy jazolarni undirish bilan bog‘liq 90 tasi bo‘yicha 2,4 milliard so‘m, ma’muriy jarimalarni undirish bilan bog‘liq 65 ming 81 ijro hujjati bo‘yicha 44 milliard so‘m, jinoyat natijasida davlat foydasiga yetkazilgan zararlarni undirish bilan bog‘liq amalda 30 tasi bo‘yicha 1 milliard 305 million so‘m undirildi.

Joriy yil 1-oktabr holatiga aliment undirish bilan bog‘liq 15 ming 310 ta ijro hujjati mavjud bo‘lib, shundan 8 ming 996 ta ijro hujjati bo‘yicha qarzdorlik qarzdorlarning ish haqini hisobidan, 6 ming 314 tasi esa ishsizlar hisobidan undirilmoqda. Shuningdek, shu davrda 1 ming 19 ta oila yarashishi sababli aliment ijro hujjatlari yakunlandi.

Bundan tashqari, aliment to‘lovchilarni ishga joylashtirish maqsadida mehnat yarmarkalari o‘tkazilib, uning natijasida 1 ming 165 nafar ishsiz aliment to‘lovchining bandligi ta’minlandi. Aliment qarzdorligi bo‘yicha 9 oyda 126,9 milliard so‘m undiruvchilarning nomiga ochilgan bank plastik kartalariga o‘tkazib berildi. Shuningdek, 4 nafar undiruvchiga qarzdor tomonidan 503 million so‘m aliment to‘lovi oldindan to‘lab berilgan bo‘lsa, 1 nafar undiruvchiga aliment qarzi uchun 130 million so‘mlik uy-joy berilgan.
“Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga o‘tkazib beriladigan mablag‘lar bo‘yicha joriy yilning yanvar-sentabr oylarida 28 milliard 159 million so‘m reja o‘rniga 51 milliard so‘m o‘tkazilib, 181 foizga bajarilishi ta’minlandi.

Banklar foydasiga undiruvlar bilan bog‘liq 74 ming 114 ta ijro hujjati bo‘lib, shundan 37 ming 937 tasi tugatildi. Amalda 21 ming ijro hujjati bo‘yicha 326 milliard so‘m undirilib, banklar foydasiga o‘tkazib berildi. Qoldiq hujjatlar bo‘yicha ijro harakatlari davomida 300 milliard so‘mlik 901 dona mol-mulk xatlanib, elektron savdolarga chiqarildi. Shuningdek, 268 milliard so‘mlik 17 ming 921 ijro hujjati bo‘yicha bank kredit qarzdorligi qarzdorlarning ish o‘rni va unga tenglashtirilgan boshqa to‘lovlarga qaratilib undirib kelinmoqda.
Ishga tiklash bilan bog‘liq ish yuritishdagi 24 ta ijro hujjatidan 20 tasi amalda bajarildi. Fuqarolarni ishga tiklash yuzasidan amaliy ishlar davom ettirilmoqda.
Majburiy ijro byurosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi, uning shahar va tuman bo‘limlarida jami 8 ming 752 ta, shundan Prezident virtual qabulxonasi orqali 5 ming 466 ta, Bosh prokuror ishonch telefoni (1007) orqali 324 ta, Majburiy ijro byurosi ishonch telefoni (1107) orqali 642 ta, to‘g‘ridan-to‘g‘ri 2 ming 320 ta murojaat kelib tushgan. Ushbu murojaatlar toifasi bo‘yicha aliment undirish yuzasidan 2 ming 849, qarz undirish masalalari yuzasidan 4 ming 302, zarar undirish masalalari yuzasidan 78 ta, xodimlarning harakatlari yuzasidan 14 ta, boshqa masalalar yuzasidan 1 ming 509 tani tashkil etadi. Shundan, 7 ming 859 ta murojaat ko‘rib chiqilib, 4 ming 246 tasi qanoatlantirilgan, 3 ming 613 tasiga tushuntirish berilgan.
Prezident virtual va Xalq qabulxonalari orqali jami 2 ming 985 ta murojaat kelib tushib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 898 taga kamaygan. Boshqarma tomonidan, takroriy murojaat qiluvchilar bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan.
Joriy yil boshidan Majburiy ijro byurosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi, uning shahar va tuman bo‘limlari boshliqlari tomonidan 398 ta sayyor va ommaviy qabul o‘tkazildi. Ushbu qabullarda 901 nafar fuqaro ishtirok etib, shundan 601 nafari tomonidan murojaat qilingan.
O‘tkazilgan sayyor va ommaviy qabullar davomida 457 ta murojaat qanoatlantirilgan. 96 ta murojaat huquqiy tushuntirish berish orqali qanoatlantirilgan, 34 tasiga tushuntirish berilgan.
Tadbir yakunida ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar bu borada o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri