Messi tibbiy ko'rikdan o'tdi
AQSHning «Inter Mayami» klubi hamda Argentina milliy terma jamoasi hujumchisi Lionel Messining MLS chempionati doirasidagi uchrashuvda muddatidan avval almashtirilishi futbol jamoatchiligida xavotir uyg‘otdi.
Jahon chempionati startiga sanoqli kunlar qolgan bir vaziyatda afsonaviy futbolchining maydonni barvaqt tark etishi, ayniqsa, argentinalik muxlislarni jiddiy tashvishga soldi. Tarqalgan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, tajribali hujumchi yaqin soatlar ichida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.
Biroq dastlabki shifokorlar xulosasi va jamoa ichidagi manbalar barchani tinchlanishga chorlamoqda. Ma’lum qilinishicha, futbolchining maydonda sezgan noqulayligi jiddiy jarohat emas, balki oddiy charchoq alomati bilan bog‘liq. Shu sababli uning JCh-2026 turniridagi ishtirokiga hech qanday xavf yo‘qligi aytilmoqda.
Rejaga muvofiq, iyun oyining ilk o‘n kunligida, ya’ni mundial boshlanishi arafasida amaldagi jahon chempionlari ikkita rasmiy o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushadi. Lionel Skaloni shogirdlari 7-iyun kuni Gonduras, 9-iyun kuni esa Islandiya milliy terma jamoalariga qarshi tayyorgarlik doirasidagi so‘nggi nazorat bahslarini o‘tkazadi.
Eslatib o‘tamiz, futbol bo‘yicha 2026-yilgi jahon chempionati joriy yilning 11-iyunidan 19-iyuliga qadar AQSH, Kanada va Meksika maydonlarida bo‘lib o‘tadi. Qur’a natijalariga ko‘ra, Argentina terma jamoasi guruh bosqichida Jazoir, Avstriya hamda Iordaniya terma jamoalariga qarshi bahs olib boradi.