Mehnati ulug‘, qadri baland qishloq ayollariga ehtirom
Ayol – oila va jamiyat ustuni, xonadonlarimiz ko‘rki hamda fayzu barakasi manbaidir. Ayniqsa, mehnati bilan yerga jon kiritayotgan, fidokorligi va bunyodkorligi bilan hududlar rivojiga beqiyos hissa qo‘shayotgan qishloq ayollarining e’zozi har qachongidan ham yuqori. Shu munosabat bilan 15-oktabr – Xalqaro qishloq ayollari kuni munosabati bilan Toshkent viloyatida yuksak ehtirom va ko‘tarinki ruhdagi bayram tadbiri o‘tkazildi.
Dastlab hududda turli sohalarda samarali mehnat qilib kelayotgan munis onaxonlar, ziyoli opa-singillar hamda keng jamoatchilik vakillari Nurafshon shahri markazida joylashgan matonat, sabr-toqat va vatanparvarlik timsoliga aylangan o‘zbek ayoli – Zulfiya aya Zokirova yodgorlik majmuasi poyiga gul qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Shundan so‘ng viloyat hokimligida tantanali bayram tadbiri davom ettirildi. Tadbirda so‘zga chiqqan viloyat hokimi Zoyir Mirzayev yig‘ilganlarni ayyom bilan samimiy qutlab, xotin-qizlarning jamiyatdagi mavqeini mustahkamlash va ularga munosib mehnat sharoitlarini yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi.
Hozir Toshkent viloyatida 1 million 574 ming 200 nafar xotin-qiz yashayotgan bo‘lsa, ularning 73,5 foizi aynan qishloq hududlarida yashaydi. Bu raqamlar qishloq ayollarining hududlar ijtimoiy-iqtisodiy hayotidagi o‘rni naqadar muhimligini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, 22 mingdan ziyod ayol tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqda, 1 ming 626 nafar xotin-qiz hunarmand sifatida faoliyat yurityapti, boshqaruv lavozimlaridagi xotin-qizlar ulushi esa 33,2 foizni tashkil etadi.

Bayramda O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir ham samimiy tilaklarini bildirdi. Shuningdek, o‘zlarining fidokorona mehnati va ibratli faoliyati bilan el-yurt hurmatini qozongan bir guruh xotin-qizlarga viloyat hokimining tashakkurnomalari hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.

San’atkorlar tomonidan namoyish etilgan konsert dasturi ishtirokchilarga bayramona kayfiyat ulashdi.
A.Musayev, O‘zA muxbiri