“Mehnat kodeksiga sharh” elektron loyihasi mehnat qonunchiligini sodda va tushunarli shaklda izohlab beradi
Poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan “O‘zbekiston mehnat bozori transformatsiyasi: yangi tendensiyalar, asosiy o‘zgarishlar va innovatsion HR” forumida mehnat qonunchiligini aholiga yanada yaqinlashtirish, huquqiy savodxonlikni oshirish va mehnat munosabatlarida yagona huquqiy yondashuvni shakllantirishga qaratilgan “Mehnat kodeksiga sharh” elektron loyihasi taqdim etildi.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri o‘rinbosari Ra’no Turdiboyeva Mehnat kodeksining ahamiyati, loyihaning yaratilish maqsadi hamda elektron platformaning funksional imkoniyatlari xususidagi savollarga javob berdi.
—Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi nima uchun muhim?
— “Mehnat kodeksiga sharh” — bu O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Mehnat kodeksiga bag‘ishlangan interaktiv elektron huquqiy platforma bo‘lib, u mehnat qonunchiligini sodda va tushunarli shaklda izohlab beradi. Mehnat kodeksi fuqarolarning mehnat qilish, munosib ish haqi olish, xavfsiz mehnat sharoitida ishlash hamda mehnat huquqlarini himoya qilish bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga soluvchi asosiy hujjat hisoblanadi. Oddiy qilib aytganda, Mehnat kodeksi ishchi va ish beruvchi o‘rtasidagi “qonun”dir. Biroq, amaliyotda ko‘plab fuqarolar mehnat shartnomasini to‘liq o‘qimasdan imzolashi, ish vaqti, mehnat ta’tili, ish haqi, sinov muddati yoki ishdan bo‘shatish tartibi kabi muhim masalalarga yetarlicha e’tibor qaratmasligi oqibatida turli nizolar yuzaga kelmoqda. Platforma nafaqat yuristlar, balki ish beruvchilar, xodimlar va mehnat faoliyatini endigina boshlayotgan yoshlar uchun ham qulay manba bo‘lib xizmat qiladi.
—Agar ish beruvchi tomonidan mehnat huquqlari buzilsa, xodim qanday yo‘l tutishi mumkin?
— Avvalo, har kim qonunni yaxshi anglashi lozim. Huquqini bilgan insongina uni himoya qila oladi. Shuning uchun Mehnat kodeksini o‘qish yoki uning rasmiy sharhlaridan foydalanish juda muhim. Kodeks tili ba’zan huquqiy atamalarga boy bo‘ladi. Elektron sharh esa har bir moddani oddiy tilda tushuntirib beradi, hayotiy misollar keltiradi. Bu nafaqat yuristlar, balki har bir ishlovchi fuqaro uchun ham qulay. O‘zbekistonda ilk bor Mehnat kodeksiga sharh an’anaviy kitob emas, balki elektron platforma shaklida ishlab chiqildi. Bu esa foydalanuvchilarga istalgan vaqtda va istalgan joydan platformadan foydalanish, uni muntazam ravishda yangi izohlar va amaliy misollar bilan boyitib borish hamda qonunchilikdagi o‘zgarishlarni qisqa muddatda platformaga joylashtirish imkonini beradi. Platforma mehnat munosabatlari ishtirokchilarining huquqiy savodxonligini oshirish, ish beruvchi va xodimlar o‘rtasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nizolarning oldini olish hamda amaldagi mehnat qonunchiligini bir xil talqin qilishda muhim vosita bo‘ladi.
—Bu platforma kimlar uchun eng foydali?
— Kadrlar bo‘limi xodimlari, tadbirkorlar, davlat tashkilotlari, kasaba uyushmalari va albatta, mehnat faoliyatini boshlayotgan yoshlar uchun. Chunki ular o‘z huquq va majburiyatlarini oson anglab olishlari mumkin. Yana alohida qayd etishim mumkinki, elektron platformadan e-kodeks.uz manzili orqali bepul foydalanish mumkin.
Muhayyo Toshqorayeva yozib oldi.
O‘zA