2027-yil 1-iyulga qadar Yagona integratsiyalashgan raqamli platforma ishlab chiqiladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Raqamli hukumat” tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2027-yil 1-iyulga qadar Yagona integratsiyalashgan raqamli platforma ishlab chiqiladi.
Davlat axborot tizimlarida shakllantiriladigan ma’lumotlar davlat axborot resursi deb e’tirof etiladi va ushbu ma’lumotlar Platforma doirasida boshqariladi.
2027-yil 1-iyuldan boshlab:
davlat axborot tizimlari Platforma doirasida uning namunaviy raqamli komponentlaridan foydalangan holda yaratiladi va rivojlantiriladi, bundan davlat sirini, davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan va bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni qayta ishlashga mo‘ljallangan hamda harbiylashtirilgan tuzilmalar va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning axborot tizimlarini ishlab chiqish mustasno;
yangi davlat axborot tizimlarini ishlab chiqish va amaldagi tizimlarni modernizatsiya qilish hamda davlat axborot tizimlarining idoralararo hamkorligi va integratsiyasi Platformaning namunaviy servislari va komponentlaridan foydalangan holda amalga oshiriladi;
davlat organlari va tashkilotlari tomonidan Platformaning funksionalini takrorlovchi davlat axborot tizimlarini yaratish va rivojlantirish taqiqlanadi;
Platforma doirasida davlat axborot tizimlari axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik sohasida belgilangan tartibda xulosa olish sharti bilan yaratiladi va rivojlantiriladi.
Platformani yaratish va faoliyatini yuritish doirasida:
Raqamli texnologiyalar vazirligiga - Platformani rivojlantirish sohasida davlat siyosatini yuritish, standartlar va texnologik talablarni ishlab chiqish hamda tasdiqlash vakolati beriladi hamda ularga qat’iy rioya etilishini muvofiqlashtirish va nazorat qilish vazifasi yuklanadi;
Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markaziga - Platformaning arxitektura yaxlitligini, unda yagona standartlarning qo‘llanilishini hamda davlat axborot tizimlarini Platformaga o‘tkazishni ta’minlash vazifasi yuklanadi;
davlat organlari va tashkilotlariga - davlat axborot tizimlarini Platformaning namunaviy raqamli servislari va komponentlaridan foydalangan holda ishlab chiqish, ma’muriy funksiyalarni raqamlashtirish, kompozit elektron davlat xizmatlarni va qog‘ozsiz ishlash modelini joriy etish vazifasi yuklanadi.
"Davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona integrator - "UZINFOCOM" MCHJ - Platformaning texnik operatori va tizimli integratori hisoblanadi hamda Platformani ishlab chiqish, joriy etish, ekspluatatsiya qilish va texnik qo‘llab-quvvatlash ishlarini amalga oshiradi, Platformaning axborot xavfsizligi va kiberxavfsizligini ta’minlaydi.
Qaror bilan:
a) Yagona integratsiyalashgan raqamli platformani ishlab chiqish va joriy etish bo‘yicha "yo‘l xaritasi";
b) 2026-2028-yillarda Yagona integratsiyalashgan raqamli platformaning tarkibiga kiruvchi davlat axborot tizimlari ro‘yxati tasdiqlandi.
O‘zA