Mehnat faoliyati bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar to‘g‘risida xabar berish va ularni tekshirish tartibi belgilandi
Joriy yilning 22-sentabrida Hukumat qarori bilan “Mehnat faoliyati bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar to‘g‘risida xabar berish, ularni tekshirish va hisobga olish tartibi haqida”gi nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, tabiiy o‘lim, o‘zini o‘zi o‘ldirish, jabrlanuvchining o‘z salomatligiga qasddan shikast yetkazishi, shuningdek, jabrlanuvchining jinoyat sodir qilish chog‘ida shikastlanish holatlari tekshirilmaydi va hisobga olinmaydi.
Baxtsiz hodisalar sodir bo‘lgan taqdirda, ish beruvchi jabrlanuvchiga zudlik bilan shifokordan oldingi birinchi yordam ko‘rsatish va zarur bo‘lganda uni tibbiy muassasaga olib borish; baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan taqdirda, tegishli organlar va tashkilotlarni, shuningdek, jabrlanuvchining yaqinlarini xabardor qilishga majbur.
Baxtsiz hodisa haqida jabrlanuvchi yoki guvoh darhol bo‘linma (sex) rahbariga xabar berishi kerak.
Bo‘linma (sex) rahbari:
– jabrlanuvchiga zudlik bilan shifokordan oldingi birinchi yordam ko‘rsatishi va uni tibbiy-sanitariya qismiga yoki boshqa tibbiyot muassasasiga yetkazishni tashkil etishi;
– baxtsiz hodisani maxsus tekshirish komissiyasi tekshirishni boshlashiga qadar ish joyidagi vaziyatni va jihozlar holatini hodisa yuz bergan vaqtda qanday bo‘lsa, shundayligicha saqlab qolishi;
– baxtsiz hodisa to‘g‘risida ish beruvchiga va kasaba uyushmasiga yoki tashkilot xodimlarining boshqa vakillik organiga darhol xabar qilishi zarur.
Quyidagi baxtsiz hodisalar maxsus tekshiriladi:
– salomatlikka yetkazilgan zararning og‘irlik darajasidan qat’i nazar, bir vaqtning o‘zida 2 va undan ziyod xodimlar bilan yuz bergan guruhli baxtsiz hodisalar;
– oqibati o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir baxtsiz hodisalar;
– oqibati o‘lim bilan tugagan baxtsiz hodisalar.
O‘zA