Mehmet Shahin: Turk dunyosi kelajagi qalblar birligi, umumiy qadriyat va inson salohiyatiga bog‘liq
Turkiy xalqlar o‘rtasidagi tarixiy, madaniy va ma’naviy yaqinlik bugun allaqachon shakllangan umumiy makonni ifoda etadi. Oldimizda turgan asosiy vazifa mavjud yaqinlikni yanada chuqurlashtirish, iqtisodiy, ilmiy, texnologik va ijtimoiy hamkorlik orqali yangi bosqichga olib chiqishdir. Turk davlatlari bilan aloqalar tashkilotining Istanbul shahri rahbari Mehmet Shahin O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zAga maxsus intervyu berdi. Suhbatda Turk dunyosining bugungi imkoniyati, O‘zbekiston – Turkiya munosabati, Istanbulda yashayotgan vatandoshlarimiz hayoti, yoshlar va ayollar uchun yaratilayotgan qulayliklar, ta’lim, texnologiya, umumiy alifbo hamda Turk dunyosining uzoq muddatli istiqboli haqida fikr almashdik.
– Mehmetbey, bugungi Turk dunyosi taraqqiyotini qisqacha qanday ta’riflash mumkin?
– Bugun Turk dunyosi shakllanib ulgurgan, umumiy tarix, madaniy xotira, til hamda ma’naviy qadriyatga tayangan ulkan makon. Bizni birlashtirib turgan asosiy jihat genetik yaqinlikdir. Asrlar davomida charxlangan bu jarayon hozirgi munosabat uchun mustahkam poydevor hisoblanadi. Iqtisodiyot, ta’lim, texnologiya, transport, madaniyat va insonlar o‘rtasidagi aloqalar qanchalik kuchli bo‘lsa, umumiy salohiyatimiz ham shunchalik ortadi.
– Demak, asosiy vazifamiz mavjud birlikni amaliy imkoniyatga aylantirish, shundaymi?
– Ha. Qardoshligimiz zamonaviy hayotning barcha jabhalarida ifodasini topishi kerak. Masalan, bir mamlakatda yaratilgan texnologiya boshqa mamlakatda ishlab chiqarishga joriy etilsa, universitetlar o‘rtasida qo‘shma dasturlar tashkil qilinsa, tadbirkorlar bir-birining bozoriga osonroq kirsa, yoshlar birgalikda ilmiy va texnologik loyihalar yaratsa, shundagina umumiylikning amaliy qiymati namoyon bo‘ladi. Xullas, tarixiy yaqinlikni kelajakka xizmat qiladigan iqtisodiy, ilmiy va inson kapitaliga aylantirishimiz lozim.
– “Turkic World Vision 2040” hujjatida 60 asosiy yo‘nalish belgilangan. Ushbu tanlovning ahamiyati nimada?
– Hujjatning muhim jihati – Turk dunyosi kelajagiga ta’sir qiladigan turli sohalarni bir-biri bilan bog‘liq holda ko‘rish istagi. Zero, energetika, ta’lim, sog‘liqni saqlash, mudofaa sanoati, texnologiya va iqtisodiyotni alohida-alohida rivojlantirib bo‘lmaydi. Masalan, energetika sohasida yangi ishlanmalarni joriy etish uchun malakali mutaxassislar, kadr tayyorlash uchun esa kuchli ta’lim tizimi zarur. Tabiiyki, ishlab chiqarish ilmiy tadqiqot va sarmoya ham talab etadi. Shuning uchun Turk dunyosidagi hamkorlikni alohida sohalar yig‘indisi emas, balki bir-birini to‘ldiruvchi yaxlit tizim sifatida ko‘rish shart.
– Siyosiy yaqinlik orqali iqtisodiy va texnologik hamkorlikni tezlashtirish uchun nimalarga e’tibor qaratish kerak?
– Buning uchun nafaqat davlatlarimiz, balki xususiy sektor ham faol ishtirok etishi zarur. Turk dunyosida ulkan bozor, mo‘l tabiiy resurs, mislsiz ishlab chiqarish imkoniyati va yosh aholi mavjud. Binobarin, imkoniyatning o‘zi yetarli emas. Shu salohiyatni o‘zaro bog‘laydigan va yuzaga chiqaradigan samarali mexanizm kerak. Sarmoyaviy jamg‘armalar, qo‘shma korxonalar yaratish, texnologiya hamkorligi, startap va universitetlar biznes sherikligiga ko‘proq e’tibor berish lozim. Ayniqsa, tadbirkorlarimiz bir-birini yaqindan tanishi, bozor haqida ma’lumot almashishi va birgalikda yangi loyihalar ishlab chiqishi muhim.
– O‘zbekiston – Turkiya munosabati joriy holatini qanday baholaysiz?
– O‘zbekiston – bizning ko‘ngil geografiyamiz. Bu zamin umumiy tarix va sivilizatsiyada beqiyos ahamiyatga ega. Samarqand, Buxoro, Xiva kabi shaharlar nafaqat O‘zbekiston, balki butun mintaqaning ilm-fan, madaniyat, savdo va tafakkur tarixida alohida o‘rin egallaydi. Shu bois yurtingizga munosabatni faqat bugungi siyosiy yoki iqtisodiy aloqalar bilan cheklab bo‘lmaydi. Ayni jarayon chuqur tarixiy, ma’naviy asosga ega. Bugun O‘zbekistonda Turkiya sarmoyasi bisyor. Kun sayin o‘zaro iqtisodiy, siyosiy va madaniy hamkorlik rivojlanmoqda. Endi aloqalarni yangi texnologiya, ilmiy tadqiqot, qo‘shma ishlab chiqarish va inson kapitali sohalariga yanada chuqur olib kirish mumkin.
– O‘zbekistonning demografik salohiyati ham alohida ahamiyatga ega. Bu omilning umumiy taraqqiyotimizga ta’siri qay darajada?
– Albatta, bu juda muhim. O‘zbekiston turkiy davlatlari orasida aholi soni bo‘yicha Turkiyadan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. Tabiiyki, gap faqat sonda ham emas. Bu raqam ortida beqiyos inson kapitali, ichki bozor va yosh avlod salohiyati bor. Hozir raqobatbardoshlik aynan inson kapitali bilan belgilanmoqda. Yosh aholi yurtingizning eng yirik imkoniyatlaridan biri. Agar yoshlar sifatli ta’lim olsa, zamonaviy texnologiyani o‘zlashtirsa, tadbirkorlik va ilmiy faoliyat bilan shug‘ullansa, mavjud salohiyat butun Turk dunyosi taraqqiyotiga xizmat qilishi shubhasiz. Turkiyaning sanoat, ishlab chiqarish, texnologiya va tadbirkorlik tajribasi bilan O‘zbekistonning yosh inson kapitali, bozori va mintaqaviy imkoniyati uyg‘unlashtirilsa, ikki davlat o‘rtasida yangi qiymat bozori yaratiladi. Axir bu diyor Markaziy Osiyoning eng muhim geografik nuqtasida joylashgan. Turkiya esa Yevropa va Osiyoni bog‘lovchi muhim markaz. Demak, mamlakatlarimiz o‘rtasida transport, logistika va savdo aloqasi rivojlanishi umumiy manfaatga xizmat qiladi.

– Istanbulda yashayotgan o‘zbeklar bilan bog‘liq faoliyatingizga ham to‘xtalsangiz.
– Biz qariyb bir yil davomida ko‘plab qardoshlar bilan uchrashdik, ularni tingladik va Istanbulga integratsiyalashish uchun nima qilish kerakligini muhokama qildik. Eng muhim xulosa shu bo‘ldiki, insonning jamiyatga to‘laqonli qo‘shilishi faqat ishlash yoki yashash huquqi bilan cheklanmaydi. Inson ta’lim olishi, kasbiy rivojlanishi, ijtimoiy hayotda ishtirok etishi va o‘zi yashayotgan muhit bilan yaqin munosabat o‘rnatishi kerak. Shuning uchun ishimizni bir necha asosiy yo‘nalishga ajratdik.
Birinchi yo‘nalish – bolalar ta’limi. Ikkinchi yo‘nalish – yoshlar. Istanbuldagi o‘zbek yoshlari oliy ta’lim olishi, kasbiy rivojlanishi va ijtimoiy hayotga moslashishi biz uchun juda muhim. Yaqinda o‘zbek talabalarining universitetdagi bitiruv marosimida ishtirok etdim. Ular juda bilimli, iqtidorli, ulkan salohiyatga ega yoshlar. Ko‘pchiligi to‘rt-besh tilni biladi. Bunday salohiyat nafaqat shaxsiy rivojlanish, balki O‘zbekiston va Turkiya uchun ham qimmatli.
– Turkiyada juda ko‘p o‘zbek ayollari mehnat qiladi. Bugun ularning jamiyatdagi o‘rni qanday?
– Istanbulda mehnat qilayotgan, oilasi va jamiyat rivojiga hissa qo‘shayotgan har qanday ayol shaharning ijtimoiy-madaniy imkoniyatidan foydalanishi shart. Avvalo, o‘zi yashayotgan mahalladagi qo‘shnilari bilan yaqinlashishi zarur. Shu bois xotin-qizlarning qo‘shnichilik munosabatidagi faolligini ta’minlashga qaratilgan loyihalar ishlab chiqqanmiz.
Istanbul Turk dunyosining muhim markazlaridan biri sanaladi. Biz o‘zbek ayollarini ham madaniy tadbirlar va ijtimoiy hayotda muntazam ishtirok etayotgan insonlar sifatida ko‘rish istagidamiz. Ular shaharning tabiati, tarixi va madaniy merosi bilan yaqindan tanishishi kerak. Ayni yo‘nalishlarda fuqarolik jamiyati tashkilotlari bilan birga yangi madaniy va ijtimoiy loyihalar amalga oshiryapmiz. Istanbulda yashayotgan o‘zbeklar o‘z madaniyati, qadriyatlarini saqlashi barobarida Turkiya jamiyatining ham faol va mas’uliyatli a’zosi bo‘lishlari zarur. Bunday yondashuv ikki xalq o‘rtasidagi munosabatni yanada mustahkamlaydi.
– Turk dunyosining uzoq muddatli istiqboli xususida nima deya olasiz?
– Bugun qabul qilinayotgan qarorlar 2050-yildagi Turk dunyosi qiyofasini belgilaydi. Ta’lim, texnologiya, iqtisodiy hamkorlik va inson kapitaliga hozir sarmoya kiritsak, maktab va universitetda tahsil olayotgan avlod 2050-yil mamlakatlarimiz uchun asosiy qarorlarni qabul qiladi. Ularga sifatli ta’lim, zamonaviy texnologiya, tadbirkorlik va xalqaro hamkorlik imkoniyatini bersak, kelajakda ulkan natijalarga erishamiz.
– Turk dunyosi kelajagini yagona tushuncha bilan ifodalash lozim bo‘lsa, qaysi so‘zni tanlardingiz?
– Birlik. Faqat bu birlik so‘z yoki shior bo‘lib qolmay, ta’lim, iqtisodiyot, texnologiya, madaniyat va eng muhimi, insonlar o‘rtasidagi munosabatda namoyon bo‘lishi zarur. Biz bir-birimizga yaqin xalqlarmiz. Tariximiz, qadriyatimiz umumiy. Endi shu yaqinlikni kelajak avlod uchun imkoniyatga aylantirish muhim. Turk dunyosi kelajagi faqat davlatlar o‘rtasidagi kelishuvlar emas, xalqlar qalbidagi ishonch, yoshlar salohiyati va birga amalga oshiradigan ishlarimiz bilan barpo etiladi.
Nodira Qayumova suhbatlashdi.
O‘zA
Istanbul, Turkiya