Olis qishloqlarda yangi binolar
Samarqand viloyatining Nurobod tumanida Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida bir qator yangi ob’ektlar foydalanishga topshirildi.
Tumanning Mehnatkash va Sariko‘l mahallalarida zamonaviy oilaviy poliklinikalar o‘z faoliyatini boshladi. Mehnatkash mahallasidagi tibbiyot muassasasi 3 ming nafardan ortiq, Sariko‘ldagi yangi maskan esa 4 ming nafardan ziyod aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish imkonini beradi.

Sazag‘on mahallasidagi 11- hamda Sariko‘l mahallasidagi 17-umumiy o‘rta ta’lim maktablarida shu paytgacha sport zali mavjud emas edi. Bu esa qish paytlarida jismoniy tarbiya mashg‘ulotlarini sinfxonalarda o‘tishni taqozo etardi. Yangi o‘quv yilidan bu muammoga barham berildi, muassasalarda zamon talablariga mos sport zallari bunyod etildi.

Sariko‘l mahallasida boshlangan yana bir ulkan bunyodkorlik loyihasi Nurobodning kelgusi qiyofasini belgilaydi. Samarqand–Qarshi yo‘nalishidagi A-378 xalqaro avtomobil yo‘li bo‘yida joylashgan mahallada tumanning zamonaviy tashrif markazini barpo etish ishlari boshlandi. Bu yerda zamonaviy jamoat maskanlari, dam olish hududlari, xizmat ko‘rsatish va savdo ob’ektlari, yashil maydonlar, sport va veloyo‘laklar tashkil etiladi.

Yangi ob’ektlarning ochilish marosimida tuman rahbarlari va jamoatchilik vakillari, mahallalar ahli ishtirok etib, bu inshootlar yurtimizda inson qadrini ulug‘lash borasidagi ishlarning yorqin namunasi bo‘lganini ta’kidladilar.
G‘.Hasanov,
O‘zA muxbiri