Mavjud muammolar, amaliy ko‘mak berish, imtiyoz va imkoniyatlarga qaratilgan uchrashuv
Yurtimizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish va eksport salohiyatini yuksaltirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Bu borada davlat idoralari va tadbirkorlar o‘rtasidagi ochiq muloqot, joylarda mavjud muammolarni o‘rganish hamda ularni tezkor hal etish amaliyoti muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ana shunday ezgu maqsadga qaratilgan navbatdagi amaliy uchrashuv Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i B. Muratov ishtirokida “Buxoro agroklaster chorva” MCHJda tashkil etildi.
Uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad tadbirkorlik sub’ektlari faoliyati bilan yaqindan tanishish, ularning mavjud muammolarini joyida o‘rganish, amaliy ko‘mak ko‘rsatish hamda davlat tomonidan yaratilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar haqida atroflicha ma’lumot berishdan iborat bo‘ldi.
Ma’lumki, “Buxoro agroklaster chorva” MCHJ viloyatda chorvachilik sohasida samarali faoliyat yuritib kelayotgan yirik korxonalardan biri hisoblanadi. Korxona nasldor qoramol, qo‘y va echkilarni ko‘paytirish, zamonaviy seleksiya usullarini joriy etish hamda aholini sifatli go‘sht va sut mahsulotlari bilan barqaror ta’minlash yo‘lida salmoqli ishlar amalga oshirmoqda.

Muloqot davomida korxona rahbariyati va mutaxassislariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 12-mayda qabul qilingan “Chorvachilik tarmog‘i va yaylov xo‘jaligini zamonaviy boshqaruv tizimi va yangicha yondashuvlar asosida rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyati keng tushuntirildi.
Xususan, mazkur qaror asosida 2026-yil 1-iyundan 2029-yil 1-yanvarga qadar xorijdan nasldor qoramol, qo‘y va echkilarni import qilishda qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha berilgan imtiyozlar tadbirkorlar uchun katta iqtisodiy imkoniyat ekani ta’kidlandi. Bu imtiyozlar chorvachilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish, nasl sifatini oshirish va mahalliy ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Uchrashuvda korxonaning amalga oshirayotgan ishlariga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, 2025–2026-yillar davomida korxona tomonidan chorvachilikda foydalaniladigan veterinariya vaksinalarining qariyb 2 tonna hajmdagi, 150 ming AQSH dollariga yaqin qiymatga ega partiyasi mamlakatimizga import qilingani qayd etildi. Bu esa sog‘lom naslni shakllantirish, yuqori mahsuldorlikka erishish va sohada zamonaviy yondashuvlarni joriy etishga xizmat qilmoqda.

Shuningdek, tadbirkorlarga bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimi orqali yaratiladigan yengilliklar, tayyor mahsulotlarni tashqi bozorlarga eksport qilish imkoniyatlari, import va eksport jarayonlarida uchrashi mumkin bo‘lgan muammolarning oldini olish choralari hamda Vakolatli iqtisodiy operator maqomini olish tartibi yuzasidan atroflicha tavsiya va amaliy tushuntirishlar berildi.
Muloqot samimiy va konstruktiv ruhda o‘tib, tadbirkorlarni qiziqtirgan barcha savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javob qaytarildi. Bojxona tizimida amalga oshirilayotgan raqamlashtirish jarayonlari, imtiyozlar va soddalashtirilgan tartiblar haqida ham muhim ma’lumotlar taqdim etildi.

Bunday uchrashuvlar davlat idoralari bilan tadbirkorlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Eng muhimi, har bir tadbirkorning muammosi eshitilib, uni hal etish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rilayotgani yurtimizda xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan e’tiborning yorqin ifodasidir.
Zero, raqobatbardosh chorvachilikni rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish orqali nafaqat ichki bozor barqarorligi ta’minlanadi, balki mamlakatimiz iqtisodiy qudratini mustahkamlash yo‘lida yana bir muhim qadam tashlanadi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri