Matonat va sadoqat timsoli
Vatan himoyasi yo‘lida fidoyilik, matonat va sadoqat timsoliga aylangan Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugining Nukus garnizonidagi harbiy qism tashkil topganining 33 yilligi munosabati bilan tantanali bayram tadbiri o‘tkazildi.
Harbiy qismning shonli tarixi, bosib o‘tgan sharafli yo‘li, mamlakat mudofaa salohiyatini mustahkamlash hamda yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasidagi xizmatlari alohida e’tirof etilgan ushbu tadbirda harbiy xizmatchilar, faxriylar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari hamda mehmonlar ishtirok etdi.

Tadbirda qo‘shinlar qo‘mondonining bayram tabrigi o‘qib eshittirildi. Unda harbiy qismning o‘tgan 33 yil davomida mamlakat tinchligi va hududiy yaxlitligini ta’minlash, jangovar shaylikni yuksaltirish hamda harbiy xizmatchilarni har tomonlama yetuk kadrlar sifatida shakllantirish borasida erishgan yutuqlari alohida ta’kidlandi.

Shuningdek, xizmat vazifalarini sidqidildan ado etib, jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlikda yuqori natijalarga erishgan, shaxsiy tarkib orasida o‘zining namunali xulqi, intizomi va fidokorona mehnati bilan ajralib turgan bir guruh harbiy xizmatchilarga qimmatbaho sovg‘alar, faxriy yorliqlar topshirilib, navbatdagi harbiy unvonlar tantanali ravishda berildi.

Ta’kidlash joizki, harbiy xizmatchilarni rag‘batlantirish va ularning xizmatlarini munosib qadrlash armiyamizda inson omiliga qaratilayotgan yuksak e’tiborning amaliy ifodasidir. Bu esa har bir harbiy xizmatchining qalbida Vatanga sadoqat, xizmatga mas’uliyat va yurt taqdiriga daxldorlik tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.
Bayram tadbirining badiiy qismi ham yig‘ilganlarga unutilmas taassurot ulashdi. Harbiy orkestr ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar, taniqli va xushovoz xonandalar tomonidan ijro etilgan vatanni ulug‘lovchi taronalar harbiylar va mehmonlarga bayramona kayfiyat bag‘ishladi. Musiqiy chiqishlarda xalqimizning boy madaniy merosi, milliy qadriyatlari hamda Vatanga muhabbat g‘oyalari o‘zining yorqin ifodasini topdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.