Markaziy Osiyo va Yevropa mamlakatlari mutaxassislari o‘rtasida tajriba almashinuvi kengaymoqda
Turkiyaning Istanbul shahrida Lund universiteti tomonidan “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamda Markaziy Osiyo davlatlari va Yevropaning 30 dan ortiq yetakchi oliy ta’lim muassasalari, tahlil markazlari, davlat va nodavlat tashkilotlari ishtirokida qo‘shma loyiha doirasida xalqaro seminar tashkil etildi.
Xalqaro tadbirda Germaniya, Buyuk Britaniya, Shvetsiya, Chexiya Respublikasi, Latviya, Yaponiya hamda Markaziy Osiyo davlatlaridan tahlil markazlari va akademik hamjamiyatlar vakillari va ekspertlar ishtirok etdi.
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov “O‘zbekistondagi islohotlar jarayonida jamoatchilik ishtiroki va tahliliy markazlarning o‘rni” mavzusida ma’ruza bilan ishtirok etdi. Ma’ruzada mamlakatimizda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish, davlat boshqaruvida ochiqlik va hisobdorlikni kuchaytirish, tahliliy markazlarning davlat, jamiyat va ekspert hamjamiyati o‘rtasidagi muhim ko‘prik sifatidagi o‘rni haqida fikr yuritdi.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda O‘zbekistonda islohotlar jarayoni tobora ko‘proq dalillarga asoslangan, jamoatchilik ishtirokiga tayangan va natijaga yo‘naltirilgan yondashuvlar asosida rivojlanib bormoqda. Bu esa jamoatchilik fikrini eshitish, uni tahlil qilish va amaliy qarorlarga tatbiq etish mexanizmlarini yanada mustahkamlashni talab etadi. Shu jihatdan, mazkur jarayonda xalqaro muloqot va tajriba almashuv platformalari ham alohida ahamiyatga ega.
Tadbirda davomida Markaz bo‘lib boshlig‘i Farrux Hakimov “Raqamli O‘zbekiston – 2030” va “O‘zbekiston – 2030” strategiyalari doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning amaliy natijalari haqida taqdimot qildi.
Xalqaro tadbirda Lund universitetining Huquq sotsiologiyasi kafedrasi dotsenti va “POLCA” loyihasining bosh koordinatori Rustamjon O‘rinboyev hamda loyihaning ishtirokchi tashkilotlaridan vakillar qo‘shma tadqiqot loyihasining dolzarbligi, ahamiyati va uning doirasida amalga oshirilayotgan ilmiy ishlar, takliflar va tashabbuslar islohotlarga katta hissa qo‘shishini ta’kidladi.

Shu nuqtai nazardan, bunday xalqaro seminarlar qo‘shni davlatlar va Yevropaning yetakchi tahlil markazlari hamda akademik muassasalari bilan tajriba almashish va xalqaro hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi.
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi delegatsiyasining Istanbul shahriga amalga oshirgan tashrifi doirasida Markazning doimiy va faol hamkorlari bilan uchrashuvlar tashkil qilindi. Jumladan, Markaz ijrochi direktori Eldor Tulyakov Istanbul Sabahattin Zaim universiteti rektori, professor doktor Ismoil Kichik hamda Biruni universiteti rektori, professor doktor A. Yuksel bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Samimiy va konstruktiv ruhda o‘tgan mazkur uchrashuvlarda tomonlar istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlari yuzasidan atroflicha fikr almashdi. Suhbat davomida akademik, tahliliy va institutsional aloqalarni yanada mustahkamlash, shuningdek, uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli sheriklikni rivojlantirishning amaliy mexanizmlari yuzasidan mulohazalar bildirildi.
Tashrif doirasida o‘zaro aloqalarni yanada mustahkamlash maqsadida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bilan Istanbul Sabahattin Zaim universiteti hamda Biruni universiteti o‘rtasida Hamkorlik memorandumlari imzolandi.
A.RUSTAMOV, O‘zA