“Ma’rifat haftaligi”: ilm, ijod va ezgu tashabbuslar uyg‘unligi
Navoiy viloyatida “Ma’rifat haftaligi” doirasida ziyolilar, ijodkorlar, yoshlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirokida tadbirlar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirlarda “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati raisi Baxtiyor Xusanov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita mas’ul xodimi Jahongir Meliqo‘ziyev, siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori Bektosh Berdiyev, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Baxtiyor Tursunov, shoir Shodmonqul Salom, O‘zbekiston xalq artistlari Odina G‘oziyeva va Mansur Toshmatov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Shohida Ismoilova, xonanda Sevara To‘lanova hamda boshqa ziyoli va ijodkorlar ishtirok etdi.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati hamda hamkor tashkilotlar vakillari Konimex, Karmana, Nurota tumanlari va Navoiy shahrida bo‘lishib, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati, mahallalarda sog‘lom ma’naviy muhitni mustahkamlash, yoshlarning intellektual va ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritdi.
Haftalik Konimex tumanidagi Zafarobod mahallasida “Mahalla bilan yuzma-yuz” loyihasi bilan boshlandi. Olimlar, ijodkorlar va jamoatchilik vakillari aholi bilan ochiq muloqot o‘tkazib, oila mustahkamligi, farzand tarbiyasi, avlodlar hamjihatligi, bag‘rikenglik hamda yoshlarni ilm-hunarga yo‘naltirish masalalarini muhokama qildi.

“Yaxshilik karvoni” loyihasi doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va yolg‘iz keksalar xonadonlariga tashrif buyurilib, ularning holidan xabar olindi, ehtiyojlari o‘rganildi hamda amaliy va ma’naviy ko‘mak ko‘rsatildi.
Karmana tumanidagi uchrashuvlarda oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, yoshlarni turli zararli g‘oyalar va axborot xurujlaridan asrash, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni ta’minlash masalalariga e’tibor qaratildi.
Tadbirlar “Malik karvon” ekobog‘ida tashkil etilgan “Do‘stlik va ma’rifat oqshomi” bilan davom etdi. Sardoba, Do‘stlik va Buyuk ipak yo‘li mahallalari aholisi ishtirok etgan kechada milliy kuy-qo‘shiqlar, she’riyat va ijodiy chiqishlar orqali do‘stlik, vatanparvarlik va hamjihatlik g‘oyalari tarannum etildi.
Navoiy shahrida “Uyg‘oq idrok” loyihasi doirasida o‘tkazilgan seminarlarda axborot madaniyatini yuksaltirish, internetdan oqilona foydalanish, yolg‘on xabarlarni farqlash, mustaqil fikrlash va yoshlarning ma’naviy immunitetini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Oliy ta’lim muassasalarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektorlari, tyutorlar va mas’ul xodimlar ishtirokidagi muloqotlarda esa bilimli, tashabbuskor va mustaqil fikrlaydigan yoshlarni tarbiyalashning ahamiyati ta’kidlandi.

Navoiy viloyati futbol akademiyasida tashkil etilgan uchrashuvda esa sportchi yoshlar bilan vatanparvarlik, intizom, iroda va jamoaviy hamjihatlik haqida fikr almashildi. O‘zbekiston milliy terma jamoasining tarixda ilk bor futbol bo‘yicha jahon chempionatiga yo‘llanma olgani yoshlar uchun katta rag‘bat ekani qayd etildi.
Haftalik doirasida Navoiy viloyati bolalar qo‘g‘irchoq teatrida “Qasamyod” spektakli namoyish etildi.
Tarixchi olim Bahrom Irzayevning “Germaniyada ta’lim olgan Turkiston yoshlari” kitobi va yozuvchi Javlon Jovliyevning “Qo‘rqma” romani asosida sahnalashtirilgan asarda o‘tgan asrning 20-yillarida Germaniyaga ta’lim olish uchun yuborilgan turkistonlik yoshlarning hayoti, orzu-intilishlari va Vatan ravnaqi yo‘lidagi fidoyiligi aks ettirilgan.

Navoiy shahar madaniyat va san’at maktabida “Iste’dodlar davrasi” loyihasi doirasida taniqli san’atkorlar ishtirokida mahorat darslari o‘tkazildi. Ustozlar yosh ijodkorlar bilan sahna madaniyati, milliy qo‘shiqchilik, badiiy so‘z mahorati va ijodiy izlanishlar xususida tajriba almashdi.
Shuningdek, “Nurli maskan” ixtisoslashtirilgan maktab-internatida “Inson qadri” loyihasi tashkil etildi. Shoirlar va san’atkorlar bolalar bilan birgalikda she’rlar o‘qib, qo‘shiqlar ijro etdi. Samimiy uchrashuv bolalarga quvonch va ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti talabalar turar joyidagi “Gulxan atrofida” adabiy-badiiy uchrashuvi ham yoshlarni adabiyot va san’atga keng jalb etishga qaratildi.
Haftalik doirasidagi tadbirlar Nurota tumani Axborot-kutubxona markazida “Ma’rifat ulashib” loyihasi bilan davom etdi.

Unda mutolaa madaniyatini rivojlantirish, yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ustoz-shogird an’analarini davom ettirish hamda Islom sivilizatsiyasi markazining ilmiy-ma’rifiy ahamiyati haqida fikr almashildi.
Navoiy viloyatida boshlangan “Ma’rifat haftaligi” mamlakatimizning boshqa hududlarida ham davom ettirilishi rejalashtirilgan.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri