Samarqand viloyat xabarlari – qisqa satrlarda
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Azamat Pardayev Oqdaryo, Jomboy va Bulung‘ur tumanlarida saylovchilar bilan uchrashib, hududlardagi ijtimoiy masalalarni o‘rgandi, aholi murojaatlarini eshitdi.
Jumladan, Bulung‘ur tumani Nebo‘sa mahallasidagi “Tashabbusli byudjet” jarayonida qo‘shimcha bino qurilishi uchun yetarli ovoz to‘play olmagan, biroq deputatlik tanlovi asosida g‘olib deb topilgan 7-maktabda amalga oshiriladigan qurilish ishlari loyihasi bilan tanishildi.

Deputat o‘qituvchilar va mahalla ahli bilan mazkur loyihani sifatli, o‘z vaqtida amalga oshirishda jamoatchilik nazorati muhimligini qayd etdi.
***
Toyloq tumanining Adas va Bog‘izag‘on mahallalarida yangi mahalla markazlari foydalanishga topshirildi.

“Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi mahalla” dasturi asosida bunyod etilgan mahalla binolarida yettilikning samarali ishlashi uchun qulay sharoit yaratilgan.

O‘zbekiston mahallalari uyushmasi mas’ullari va tuman rahbarlari mahalla markazlaridagi imkoniyatlar bilan tanishdi.
***
Viloyat hokimi o‘rinbosari Xurshidbek Samiyev Xitoyning “Azureflow Paper” korxonasi vakillari bilan “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi hududida amalga oshirilayotgan sellyulozani qayta ishlash, yuqori sifatli qog‘oz va karton mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasini muhokama qildi.

Muhokama davomida loyihani amalga oshirish bilan bog‘liq infratuzilma hujjatlarini rasmiylashtirish hamda loyihalashtirish hujjatlarini tayyorlash masalalari ko‘rib chiqildi.
***
Respublika idoralararo muvofiqlashtirish shtabi ishchi guruhi tomonidan ichki ishlar vazirligi jazoni ijro etish departamentiga qarashli 7-son tergov hibsxonasining faoliyati, u yerda saqlanayotgan ayollar va voyaga yetmaganlarning ahvoli o‘rganildi.

Hibsxonada saqlanayotgan 43 nafar ayol va 13 nafar voyaga yetmagan shaxs bilan uchrashuv o‘tkazilib, ularning murojaatlari tinglandi. Shuningdek, muassasada saqlanayotganlar uchun chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik tashkil etildi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri