Marg‘ilonda vatanparvarlik festivali o‘tkazildi
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahridagi “Burhoniddin Marg‘inoniy” ilmiy-ma’rifiy va turizm majmuasida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan madaniy-ma’rifiy festival o‘tkazildi.
“Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida tashkil etilgan tadbir Sharqiy harbiy okrug hamda davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligida o‘tkazildi.
Festival dasturidan harbiy orkestr chiqishlari, faxriy qorovulning ko‘rgazmali chiqishlari, qo‘l jangi namoyishi va zamonaviy harbiy texnika hamda qurol-yarog‘lar ko‘rgazmasi o‘rin oldi.
Ayniqsa, harbiy xizmatchilarning namoyishlari va harbiy-texnik ko‘rgazma yoshlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
[gallery-30928]
Tadbirda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, yurtimizda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasidagi ishlar haqida so‘z yuritildi.
Harbiy xizmatchilarning yuksak mahoratini namoyon etgan chiqishlari yoshlarda Vatan himoyasi sharafli va mas’uliyatli burch ekanini yana bir bor namoyon etdi.
Madaniy-ma’rifiy dasturlar, harbiy-texnik ko‘rgazmalar va namoyishlar uyg‘unligida o‘tgan festival ishtirokchilarda yurtga sadoqat, milliy g‘urur va vatanparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Muqimjon QODIROV (surat) ,O‘zA