Senatda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi
Senatda tadbirkorlar bilan “Tadbirkorlikni rivojlantirish, ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash borasidagi islohotlar jarayonida parlamentning o‘rni va roli” mavzusida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Muloqot davomida tadbirkorlikni rivojlantirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, biznes vakillarini qo‘llab-quvvatlash hamda bu jarayonlarda parlamentning rolini yanada kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, tadbirkorlik sohasidagi islohotlarning samaradorligi nafaqat mustahkam qonunchilik bazasi, balki ularning joylarda to‘g‘ri va samarali ijro etilishiga ham bevosita bog‘liq. Shu nuqtai nazardan, parlamentning qonun ijodkorligi, byudjet va soliq siyosati, parlament nazorati hamda hududlardagi muammolarni o‘rganish borasidagi faoliyati muhim ahamiyat kasb etadi.

Yangi avlod tadbirkorlarining tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat oldidagi ijtimoiy mas’uliyatini oshirish va davlat hamda biznes o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash zarurligi qayd etildi.
Tadbirkorlar o‘z faoliyatida uchrayotgan muammolarni hal qilish bo‘yicha takliflarini bildirdi. Xususan, kredit masalalari, elektr energiyasi hamda gaz tarmoqlariga ulanish, import xomashyosini rasmiylashtirish va mahsulotlarni sertifikatlash, eksport xarajatlarini kamaytirish, QQSni qaytarish muddatlari hamda tashqi bozorlarga chiqishdagi mavjud to‘siqlarga e’tibor qaratildi.

Parlament a’zolari tomonidan bildirilgan fikr va takliflar tadbirkorlik sohasidagi mavjud muammolarni tizimli o‘rganish, ularning qonuniy yechimlarini topish hamda tegishli qonunchilik hujjatlarini takomillashtirishda muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan ilgari surilgan takliflarni umumlashtirish, ularni Oliy Majlis palatalarining mas’ul qo‘mitalarida ko‘rib chiqish hamda tadbirkorlikni rivojlantirish va ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilashga qaratilgan aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqishga kelishib olindi.
N.Abduraimova,
O‘zA