Makon turfa, lek asl mohiyat umumiy
Laziz Rahmatovning “Dunyo mamlakatlari” kitobini o‘qib...
Kishi shunday hikmat qiladi hosil,
Zero, sel tomchilar yig‘indisidir.
Jaloliddin Suyutiy
“Qanot” loyihasi asoschisi, taniqli jurnalist Laziz Rahmatovning “Dunyo mamlakatlari” nomli ensiklopedik kitobi chop etildi. Irfon ixlosmandlari hukmiga havola etilgan bu ma’rifiy xazina bilan batafsil tanishib chiqdim.
“Sharq nashr” nashriyoti tomonidan zamonaviy dizayn va mazmun uyg‘unligiga mutanosib yangi asar dunyoga kelganini muqovajildanoq his qilasiz.
Xalqaro standartda, YUNESKO tavsiyasiga ko‘ra, hajmi 48 sahifadan kam bo‘lmagan, taboqlab tikilgan nodavriy nashrni, shartli ravishda, “Kitob” deyish qabul qilingan. Qo‘limdagi ensiklopedik to‘plam esa salkam 1200 sahifadan iborat bo‘lib, muallif ummon bag‘ridagi tomchilar misoli ko‘plab ma’lumotlarni birma-bir misqollab yig‘ib, tartibga solgan.
Asar hajmdorligi va qiziqarli ma’lumotlarga boyligi bilan xorijiy davlatlarga qiziqadigan insonni o‘z domiga beixtiyor tortadi. Asar kishi didiga yaqinligi, turli xalqlarning paradigmasi bilan uyg‘unligi, ilmiy tilning badiiy uslubiyatga singganligi bilan ahamiyatlidir.
Muallif o‘z uslubida dunyo mamlakatlari, ularning poytaxti, maydoni, tarixi, boshqaruv shakli, bo‘linishi, tabiati, aholisi soni, milliy bayrami, geografik joylashuvi, rasmiy tili, dini, pul birligi, diqqatga sazovor joylari, ichki va tashqi siyosati, iqtisodiyoti, hatto telefon kodi va internet domeni, davlat va ijro hokimiyati rahbarlari, konstitutsiyasi, mavjud siyosiy partiyalari soni va nomlarini keltirishni ham nazardan chetda qoldirmaydi.
Muallif ulkan ilmiy-tadqiqotchi o‘laroq har bir davlatni fotosuratlar, xaritalar, diagrammalar, ilovalarda dunyoning geografik ob’ektlari (orollar, daryolar, vulqonlar, ko‘llar, cho‘qqilar) haqida batafsil ma’lumotlar bilan ochib beradi.
Muallif bugungi va kelajak avlodga saboq bo‘larli “dunyoshunoslik” ilmi imkoniyatlaridan unumli foydalangani qomusni har tomonlama mukammal chiqishini ta’minlagan, deyish mumkin.
Fikrimcha, bugun turli talotumlardan insoniyatning orom-u xotirjamligi, tafakkuri sathi biroz xira tortganday nazarimda...
Bu asar esa menga ro‘yi zaminda yashamog‘imizning oliy mohiyati – ilmning haqiqiy qudratini his qilish, dunyoning ko‘zga ko‘rinmas jihatlarini ilg‘ash va qadrlash, o‘zim uchun zarur xulosalar chiqarishga undadi, deya olaman. So‘z gavhariga xaridor bo‘lib ma’rifatdan, ma’naviyatdan dars olgandek xotiramga jozibali art-ob’ekt sifatida muhrlandi.
Aksariyat hollarda xalqaro mavzularda so‘z ochilsa, jo‘yali fikr bildirishga ikkilanib qolamiz. Bu tabiiy. Xalqaro munosabatlarni o‘rganish, tahlil, tadqiq qilishning o‘zi bo‘lmaydi. Mazkur qo‘llanma oddiy o‘quvchini bunday o‘ylardan holi bo‘lishga, nozik etiket doirasidagi bilimlarini yuqori did darajasiga ko‘tarishga undaydi.
U O‘zbekistonning xalqaro munosabatlar sohasidagi aloqalarning to‘liq va ravon axborot manbai, dunyo minbaridan turib darak beruvchi jonli timsol, statistik kuzatuvlarning harakatdagi xaritasi hisoblanadi.
Ko‘plab qiziqarli ma’lumotlar o‘quvchi tafakkurida yangi kurtak ochib, adabiyotni qadrlaydigan, mutolaani sevadiganlar diliga xushnudlik bag‘ishlaydi.
Biz yoshlik yillarimizdanoq “Stran mira” kabi bunday asarlarni rus tilida o‘qir edik. Asar bilan tanishish asnosida ajib hissiyotlarni boshdan kechirdim. Ma’naviyat xazinasini asliyatda o‘qib-uqqanlarda albatta o‘z millatiga hurmati cheksiz ortadi. Garchi qo‘llanma motivi xorij davlatlaridan darak bersa-da, muallif unga o‘zbekona ruh bag‘ishlagan. Jahondagi mashhur o‘zbek millatiga mansub fuqarolarimiz haqidagi ma’lumotlarni o‘qib beixtiyor qalbingiz g‘urur va iftixorga to‘ladi. Kishi bilmas bunday o‘zlik mafkurasi o‘quvchiga majburan singdirilmaydi, balki yangicha talqin orqali, yechimning bugungi tabiiy rivojlanish sur’atlariga mos ravishda taklif etiladi.
Doim yangilikka intiluvchan muallif ma’lumotlarga ijobiy ma’noda o‘ta injiqligini, uncha-muncha haqiqatlarni to o‘zi tadqiq qilib ko‘rmaguncha qabul qilmasligi uning salmog‘ini yanada oshirgan.
Xalqaro siyosiy kon’yunkturadagi beqarorlik, salmoq va maqom talashuvi avj olgan, hanuz oddiy ma’lumotlarni shunchaki qayd etish ustuvor ayni pallada xorijiy davlatlar, qit’alarning deyarli barcha o‘lchovlardagi jihatlarini o‘z ichiga olgan pishiq bazani sifatli yaratilishida muallifning yuqori professionalligining in’ikosidir.

– Bu asar salkam 10 yillik izlanishlar mahsuli. Avvalgi nashr 2019-yilda chop etilgan edi. O‘tgan davrda Yangi O‘zbekistonning xalqaro munosabatlar sohasida juda katta o‘zgarishlar yuz berdi. Ularni albatta qayd etib, qayta nashr etishga ehtiyoj bor edi, – deydi muallif Laziz Rahmatov. – Uni bosib chiqarishga yurtimizning 50ga yaqin zabardast olimlari bosh-qosh bo‘ldi va nashr uchun tajribali muharrirlar jalb etildi. Bu xayrli ishga salmoqli hissa qo‘shgan, qadrli ustozlarim – O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Qalandar Abdurahmonov, siyosiy fanlar doktori, professor Qodir Jo‘rayev va yuridik fanlar doktori, professor Nuriddin Normatovlarga alohida tashakkur aytishni istar edim.
Mohir dramaturg va tarjimon, 10 ga yaqin asarlar muallifi bo‘lgan olimning ushbu tuhfasi o‘quvchilar tomonidan katta qiziqish bilan qabul qilinishi tabiiy albatta.
Yangi kitob har bir yurtdoshimiz qayta-qayta murojaat qiladigan qimmatbaho manbaga aylanishi shubhasiz. Qisqasi, asar dunyoga qiziqqan barcha yoshdagi auditoriya uchun mo‘ljallangan.
Madina Zufarova,
O‘zA sharhlovchisi