Mahalliy va xorijiy sertifikati bor qurilish materiallarining elektron platformasi ishga tushiriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Qurilish materiallari sohasidagi korxonalarga sertifikat olish bilan bog‘liq barcha xarajatni to‘liq qoplab beradigan tizim mavjud. Bu kabi imkoniyat boshqa birorta tarmoqda yo‘q.
Lekin bunday sertifikatlarning yagona ma’lumotlar bazasi yo‘qligi uchun xaridorlar o‘zi bilgan, xalqaro sertifikati bor chet el tovarlarini ko‘proq xarid qilmoqda.
Mutasaddilarga mahalliy va xorijiy sertifikati bor qurilish materiallarining elektron platformasini ishga tushirish, viloyat hokimlari bilan birga shu yil yana kamida 50 ta qurilish materiali korxonasiga xalqaro sifat sertifikati olishda ko‘maklashish topshirildi.
Umuman, bugungi yig‘ilishda aytilgan imkoniyat va vazifalar hisobidan joriy yilda qurilish materiallari sohasida 11 milliard dollarlik 900 dan ziyod yangi loyihalarni boshlash, 3 milliard 200 million dollarlik 622 ta loyihani ishga tushirib, 21 ming yangi ish o‘rni yaratish, ishlab chiqarish hajmini 65 trillion so‘mdan oshirish, 7,5 trillion so‘mlik yangi mahsulotlarni mahalliylashtirish, eksportni 1,5 milliard dollarga yetkazish muhim ekani qayd etildi.
Yig‘ilish davomida mutasaddilarning hisobotlari, qurilish materiallari korxonalari vakillarining taklif va tashabbuslari tinglandi.
O‘zA