Mahalliy ishlab chiqarish – importga munosib raqobat (+video)
Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumanidagi Namuna mahallasida istiqomat qiluvchi tadbirkor Murodjon Karimov bolalar uchun mebel va o‘yingoh jihozlari ishlab chiqarish orqali o‘z biznesini muvaffaqiyatli rivojlantirmoqda.
Tadbirkor faoliyatini dastlab 3–4 turdagi mahsulot ishlab chiqarishdan boshlagan bo‘lsa, bugungi kunda 50 dan ortiq turdagi mahsulotlarni bozorga taklif etmoqda. Ayni paytda uning mahsulotlariga nafaqat ichki bozorda, balki qo‘shni davlatlarda ham talab ortib bormoqda.
Murodjon Karimov 2006-yilda Rossiyada mehnat faoliyatini boshlab, mebel ishlab chiqarish sohasida zarur tajriba orttirgan. Keyinchalik u to‘plagan bilim va ko‘nikmalarini yurtimizda qo‘llash maqsadida 2021-yildan tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. Ilk bosqichda muayyan qiyinchiliklar kuzatilgan bo‘lsa-da, izchil mehnat va mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish orqali bugungi natijalarga erishildi.
Oilaviy korxonada maktabgacha ta’lim muassasalari uchun stol-stullar, turli xil mebel jihozlari hamda bolalar maydonchalari uchun o‘yin elementlari ishlab chiqarilmoqda. Shuningdek, mahsulotlar buyurtma asosida ham tayyorlanayotir.
[gallery-28736]
Tadbirkor zamonaviy ishlab chiqarish tajribalarini ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘rganib, amaliyotga joriy etmoqda. Mahalliy ishlab chiqarish hisobiga mahsulotlar arzon, sifatli va mustahkam bo‘lib, import mahsulotlariga munosib raqobat yaratmoqda.
Kelgusida tadbirkor ishlab chiqarish hajmini kengaytirish va eksport ko‘lamini oshirishni reja qilgan. Uning ta’kidlashicha, bugun mamlakatimizda mehnat qilib barqaror daromad topish uchun barcha shart-sharoitlar mavjud.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Q99PCJepWJc" title="Mahalliy ishlab chiqarish – importga munosib raqobat" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muqimjon QODIROV (surat, video), O‘zA