O‘zbekiston xalqaro tarozi va o‘lchovlar byurosining to‘laqonli a’zosiga aylandi
Joriy yil 13-aprel O‘zbekiston metrologiya sohasi tarixida muhim va ramziy sana sifatida qayd etildi. Aynan shu kuni mamlakatimiz rasman Xalqaro tarozi va o‘lchovlar byurosi (BIPM)ning to‘laqonli a’zosiga aylangani e’lon qilindi. Bu esa O‘zbekistonning xalqaro metrologiya tizimiga to‘liq integratsiyalashuvida yangi bosqichni boshlab berdi.
Ma’lumki, 2025-yil 27-noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Xalqaro metrik Konvensiyaga O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi to‘g‘risida”gi Qonun imzolangan edi. Mazkur hujjat mamlakatimiz metrologiya tizimini xalqaro standartlarga moslashtirish, o‘lchashlar aniqligi va ishonchliligini ta’minlash borasida muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qildi.
Bu qadam orqali O‘zbekiston 1875-yilda tashkil etilgan va butun dunyoda o‘lchashlar birligini ta’minlashga xizmat qiladigan nufuzli Xalqaro metrik Konvensiyaning to‘laqonli ishtirokchisiga aylanish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Shu tariqa, 2026-yil 13-aprel kuni mazkur jarayon mantiqiy yakuniga yetdi va mamlakatimiz rasman Xalqaro tarozi va o‘lchovlar byurosi (BIPM)ning to‘laqonli a’zosi sifatida e’tirof etildi.
Mazkur voqea mamlakatimiz metrologiya sohasi uchun beqiyos ahamiyatga ega. Xususan, ushbu a’zolik O‘zbekistonga xalqaro o‘lchov standartlarini shakllantirish jarayonlarida ishtirok etish imkonini beradi.

Shuningdek, BIPM va uning konsultativ qo‘mitalari faoliyatida to‘laqonli qatnashish, milliy metrologiya mutaxassislarining xalqaro darajada malaka oshirish imkoniyatlarini kengaytirish, o‘lchashlar birligini xalqaro talablar asosida ta’minlash imkonini beradi.
Qolaversa, mahsulot va xizmatlarning xalqaro bozorda raqobatbardoshligini oshirish, investorlar ishonchini mustahkamlash,
eksport salohiyatini kengaytirish, xalqaro reyting va indekslarda mamlakat pozitsiyalarini yaxshilash imkoniyatlarini yaratadi.
Shuningdek, O‘zbekiston endi BIPMning Konsultativ qo‘mitalari (CCs) yig‘ilishlarida ishtirok etish, ovoz berish va saylovlarda o‘z nomzodlarini ilgari surish huquqiga ham ega bo‘ldi. Bu esa mamlakatimiz ilmiy salohiyati va metrologiya sohasidagi mutaxassislar imkoniyatlarini xalqaro darajada namoyon etish uchun yangi imkoniyatlar ochadi.
Xalqaro metrik Konvensiyaga qo‘shilish mamlakatimizda aniq, ishonchli va xalqaro talablarga javob beradigan o‘lchash tizimini shakllantirishga xizmat qiladi. Bu esa, o‘z navbatida, xalqaro hamkorlar, investorlar va tashkilotlarning O‘zbekiston mahsulotlari, xizmatlari va sertifikatlariga bo‘lgan ishonchini yanada oshirishga zamin yaratadi.
2026-yil 13-aprel — O‘zbekiston metrologiyasi tarixiga oltin harflar bilan yoziladigan kun sifatida qayd etildi. Bu nafaqat muhim voqea, balki mamlakatimizning ilmiy-texnik taraqqiyotini jadallashtirish, xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlash va milliy iqtisodiyot raqobatbardoshligini oshirish yo‘lidagi katta yutuqdir.
Sh. Mamaturopova, O‘zA