Mahallalarga badiiy va ma’rifiy kitoblar taqdim etildi
O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi qabul qilingan kun munosabati bilan O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi Qashqadaryo viloyat bo‘limi tashabbusi bilan Qarshi shahridagi Alisher Navoiy va Oydin mahallalarida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi.
Tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad aholi, ayniqsa, yoshlar ongida davlat ramzlariga hurmat tuyg‘usini yanada mustahkamlash, Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarga sadoqat va yuksak fuqarolik mas’uliyatini targ‘ib etishdan iborat bo‘ldi.
Tadbirlar davomida ishtirokchilarga O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbining qabul qilinishi tarixi, uning mazmun-mohiyati, ramziy ma’nosi hamda mamlakatimiz mustaqilligi va taraqqiyotidagi o‘rni haqida atroflicha ma’lumot berildi. Shuningdek, davlat ramzlarini ardoqlash va e’zozlash har bir fuqaroning muqaddas burchi ekani alohida ta’kidlandi.

Tadbirlar yakunida mahallalardagi bolalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularga maktab sumkalari, futbolkalar va kepkalar topshirildi. Shuningdek, mahalla kutubxonalari fondlarini boyitish, aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini keng targ‘ib etish maqsadida har bir mahallaga 100 nusxadan badiiy va ma’rifiy kitoblar taqdim etildi.

Ta’kidlanganidek, bu kabi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar yoshlarni davlat ramzlariga hurmat, Vatanga muhabbat va milliy qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish hamda jamiyatda milliy birlik va hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri