Janubda “Eng yaxshi kitobxon” musobaqasining qo‘mondonlik bosqichi o‘tkazildi
Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug Janubiy operativ qo‘mondonligida “Eng yaxshi kitobxon” musobaqasining qo‘mondonlik bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbarining 2026-yil 15-yanvarda qabul qilingan “Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va aholi o‘rtasida kitob o‘qishga qiziqishni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda mudofaa vazirining tegishli buyrug‘i ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan musobaqada muddatli harbiy xizmatchilar hamda 30 yoshgacha bo‘lgan shartnoma asosida xizmat qilayotgan ofitser va serjantlar ishtirok etib, bilim va tafakkur borasida o‘zaro bellashdi.
Ishtirokchilar ikki shart asosida sinovdan o‘tdi. Birinchi shart — “Tezkor savol-javob”da har bir ishtirokchi qur’a tashlash orqali tanlangan 4 ta savolga tezkor va aniq javob berdi. Mazkur shart 100 ballik tizim asosida baholandi.
[gallery-30253]
Ikkinchi shart — “Badiiy asarlar bilimdoni” yo‘nalishida ishtirokchilarga turli badiiy asarlardan olingan syujet va epizodlar o‘qib eshittirildi. Ular asar nomini aniqlash, uning mazmun-mohiyati, g‘oyasi va tarbiyaviy ahamiyatini sharhlab berish orqali o‘z bilimlarini namoyon etdi. Ushbu shart ham 100 ballik mezon asosida baholandi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, g‘oliblikni qo‘lga kiritgan ishtirokchilar Mudofaa vazirligi bosqichida o‘tkaziladigan musobaqada ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
Tadbir yakunida g‘olib va sovrindorlar, shuningdek, faol ishtirok etgan harbiy xizmatchilar Janubiy operativ qo‘mondonlikning faxriy yorliqlari hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/gBJsYQU6zF4?si=kjHyOZ0MCblK2gBU" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Jonibek QO‘ZIMURRODOV(surat,video),O‘zA