Mahalla yoshlariga bayram tuhfasi
Mamlakatimiz mustaqilligining o‘ttiz besh yillik bayrami arafasida Paxtaobod tumani Mustahkam mahallasidagi 43-umumta’lim maktabida yopiq mini futbol maydoni foydalanishga topshirildi.
Keng jamoatchilik vakillari, mehnat faxriylari, yoshlar ishtirokida futbol maydonining ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda so‘z olgan Paxtaobod tumani hokimi o‘rinbosari Farhodjon Hojimatov va boshqalar mamlakatimizda sportni rivojlantirish, yosh avlodni yuksak salohiyatli va jismonan sog‘lom kamol topishi uchun keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligini ta’kidladi.
Mustahkam mahallasidagi maktab hududida barpo etilgan ushbu maskan ham ana shu yo‘nalishdagi ishlardan biri bo‘ldi. Endi nafaqat maktab o‘quvchilari, balki Mustahkam, Ma’rifat va Chorbog‘ mahallalarining uyushmagan yoshlari ham bu yerda sportning futbol turi bilan shug‘ullanish imkoniga ega.
[gallery-30803]
-– Umumiy qiymati 1,5 milliard so‘mga teng loyiha doirasida qurib bitkazilgan yopiq mini futbol maydoni mahalla yoshlari uchun haqiqiy bayram tuhfasi bo‘ldi, – deydi “Mustahkam” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Ismoiljon Yunusov. – Barcha sharoitlarga ega bo‘lgan maskanda mahallamizdagi ming nafarga yaqin yoshlar futbol o‘ynab, salomatligini mustahkamlashi, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishi mumkin. Prezidentimiz tashabbusi bilan yurtimizning chekka hududlarida ham yoshlarning sport bilan shug‘ullanishi uchun bu kabi qulaylik va shart-sharoitlar yaratib berilayotganligidan behad mamnunmiz.
Bir so‘z bilan aytganda, barpo etilgan ushbu yopiq futbol maydoni yoshlarga, ularning sport bilan shug‘ullanishiga, sog‘lom turmush tarzini ommalashtirishga qaratilayotgan e’tiborning namunasidir.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari.