Javohir qatnashayotgan “Sinquefield Cup 2026” musobaqalari davom etmoqda
Bugun, 12-avgust kuni AQSHning Sent-Luis shahrida shaxmat bo‘yicha davom etayotgan “Sinquefield Cup 2026” turnirining 3-turida mahoratli shaxmatchimiz Javohir Sindorov oq donalarda fransiyalik Maksim Vashe-Lagrav bilan ro‘baro‘ keladi.
“Grand Chess Tour” seriyasining hal qiluvchi bosqichi hisoblangan mazkur turnirning ortda qolgan 2-tur bahsida Sindorovning hindistonlik Praggnanandxa Rameshbabuga qarshi o‘yini omadsiz yakunlandi.
Qora donalarda harakatlangan Javohir bahsning ilk yurishlaridan ustunlikni o‘z tarafiga og‘dirishga intilishi davomida 16, 24-yurish vaziyatlarida kichik xatoliklarga yo‘l qo‘ydi. Bu, o‘z navbatida Hind shaxmatchisining asta-sekinlik bilan hujumkor holatga o‘tishiga olib keldi.

Hindistonlik Praggnanandxaning 38-yurishdagi xatoligi ham Javohirni uchrashuvni durang bilan yakunlashiga yordam bermadi.
Aytish lozim, bugungacha Sindorov – Praggnanandxa nufuzli musobaqalarda o‘n olti marta to‘qnash kelgan. Shundan 6 tasida Hind grossmeysteri, 4 tasida hamyurtimiz g‘alaba qozongan. 6 ta o‘yinda murosa yo‘li tanlangan.
Bugun o‘tkaziladigan 3-tur o‘yinlari ostonasida Fabiano Karuana, Uesli So, Maksim Vashe-Lagrav, Levan Aronyan va Praggnanandxa Rameshbabu 1,5 ochko bilan turnir jadvalida yetakchilik qilmoqda.

Ularni ta’qib etayotgan Anish Giri hisobida 1 ochko mavjud. Sindorov, Vinsent Keymer, Sem Sevyan 0,5 ochko bilan 7-9-o‘rinlarda bormoqda. Ikkita turdagi mag‘lubiyat tufayli Jorden van Forest oxirgi pog‘onani band etib turibdi.
Eslatib o‘tamiz, 9 ta turdan iborat turnir 20-avgustga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA